Sirdaryo viloyatidagi bir oilani Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Sirdaryo viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda muqaddam tovlamachilik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan O.A. fuqaro B.J.ning ishonchiga kirib, B.J. va uning turmush o‘rtog‘ini tanishlari yordamida 40 ming dollari evaziga AQShga yuborishini va’da qilgan. O.A. oldindan 12 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Samarqandda fuqarolarni Yevropa va Meksika orqali AQShga yuborishni va’da qilib, 27 ming dollar talab qilganlikda gumonlanayotgan 2 nafar shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.