Qozog‘iston 2023 yilda O‘zbekistondan Qozog‘iston orqali Rossiyaga o‘tuvchi «Buxoro-Ural» gaz quvurining uchinchi tarmog‘i qurilishini boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘istonning Aktobe viloyati hokimi Yerali Tugjanov ma’lum qildi.

«Viloyatimiz uchun gaz ta’minoti muammosi ayni paytda aktual bo‘lib turibdi. Xomashyo yetarli bo‘lsa-da, mavjud tarmoqlar hududga kerakli hajmni yetkazib berolmayapti. Ularda haddan tashqari ko‘p yuklama mavjud. Yagona yechim — „Buxoro-Ural“ gaz quvurining uchinchi tarmog‘ini qurish», — dedi u.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, bu «juda yirik loyiha» bo‘lib, uning uzunligi 162 km bo‘ladi, umumiy qiymati qariyb 43 milliard tengeni (95,6 million dollarga yaqin) tashkil etadi. «Bu yil qurilish ishlarini boshlaymiz. Buni hal etmas ekanmiz, viloyat qishloqlarini gazlashtirish masalasi kun tartibida qolaveradi», — dedi viloyat hokimi.

Qurilish ishlari mart oyida boshlanishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyani bog‘laydigan gaz quvurining umumiy uzunligi 4500 km dan oshadi. Gazli-Chelyabinsk gaz quvurining ikkita tarmog‘idan birinchisi 1963 yilda, ikkinchi Gazli-Chelyabinsk-Sverdlovsk — 1966 yilda ishga tushirilgan. Quvurni nazorat qilish va texnik xizmat ko‘rsatish «Gazprom» kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

2014 yil kuzida gaz quvuri teskari rejimda ishga tushirildi, ya’ni qarama-qarshi yo‘nalishda gaz yetkazib berila boshlandi, «Gazprom» shu tariqa Qozog‘istonning janubiy viloyatlarini gaz bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ydi.

«Uch tomonlama gaz ittifoqi»

2022 yil 28 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida «uchlik gaz ittifoqi»ni tuzish masalasini muhokama qildi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, ushbu mintaqada energiya ta’minoti yo‘llari «o‘ta dolzarb» va bunday ittifoq «har uchala davlat manfaatlariga mos keladi».

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 8 dekabr kuni mamlakat qo‘shnilardan gazni «qandaydir alyans yoki ittifoq» orqali emas, balki tijorat shartnomasi doirasida import qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazganini ma’lum qilgan.

«Gazeta.uz»ning aniqlashicha, dastlab Rossiya tomoni Rossiyada ishlab chiqarilgan tabiiy gazni teskari tartibda, Qozog‘iston orqali «Markaziy Osiyo — Markaz» (CAC) quvuri orqali yetkazib berishni taklif qilgan.

Rossiya tomonining asosiy sharti O‘zbekiston gaz uzatish tizimini bozor qiymati bo‘yicha «Gazprom» tasarrufiga o‘tkazish edi. Bunday talablar ushbu shartlarga rozi bo‘lmagan «Qazaqgaz» milliy kompaniyasiga ham qo‘yilgan. Rossiya tomoni ilgari surgan ikkinchi shart Xitoyga gaz eksport qilish huquqidan voz kechish edi. Ya’ni «Gazprom» shartnomada O‘zbekistonning UzGasTrade kompaniyasi o‘rniga bo‘lishni taklif qilgan.

Yanvar oyida «Gazprom» O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan yo‘l xaritalarini imzoladi. Rossiyaning «Kommersant» gazetasi o‘sha oyda ushbu masala bo‘yicha ekspert sharhlarini to‘plagan.