«Mushtum» jurnali 100 yoshga to‘lishi munosabati bilan «Gazeta.uz» 2023 yilning fevral oyi oxirigacha jurnal sahifalarida turli yillarda chop etilgan 10 materialni takror chiqarishga qaror qildi. Turkumning avvalgi materiali 26 fevral kuni berilgan. Navbatdagi material — «Mushtum» jurnalining adabiy qahramonlaridan biri hisoblangan Norilla Narvoniy tilidan 1973 yili e’lon qilingan «Esizgina ko‘chatlar» maqolasidir.

Bulutlar orasida quyosh bepoyon o‘lkamizga nur sochib turganda shahrimizning go‘zal joylarini, xiyobonlarini sayr qilishga ne yetsin! O‘tgan yili mart oylarida Chilonzordagi yangi kvartallarda bo‘lib, judayam xursand qaytgandik. O‘shanda bir gruppa ishchi-xizmatchilar, shu kvartallarda istiqomat qiluvchilar ko‘cha bo‘ylariga va ariqlar atrofiga turli ko‘chat ekib, gullar o‘tqazishayotgan edi. Ko‘chat ekib parvarishlagan odamni el parvarishlaydi, deydi xalqimiz.

Mana, bu yil ham ana shu joylarga borsak, o‘sha yangi ekilgan daraxtlarning barg yozayotganini ko‘rsak deb, Chilonzorga yo‘l oldik. O‘tgan yildagidek kishilarning qo‘lida ketmon, belkurak, kim qanday ko‘chat topsa shuni ekyapti. Qizig‘i shundaki, o‘tgan yili ekilgan joylarning o‘ziga tag‘in.

— Hoy birodar, biz adashib qolmadikmi? — dedik belini ushlab turgan yigitdan, — 22-kvartal shu yermi?
— Ha.
— O‘tgan yili ham xuddi shu yerda ko‘chat ekayotganmidilaring?
— Ha.
— O‘sha ko‘chatlar qani?
— Obbo, sizlar-ye! Bu tomonlarga kam o‘tarkansiz-da. Har yili necha ming so‘mga ko‘chat olib ekamiz-ku!

U shunday dedi-yu, qotib-qotib kuldi. Bizdan kulayotganmikan, deb xavotirlangan edik.

— Kechirasiz, Tursunboyning so‘zi esimga tushib kulyapman, — deb qo‘ydi.

Tursunboy rayon suv xo‘jaligi bo‘limining boshlig‘i ekan. Ularning o‘rtasida qanday gap o‘tgan bilmaymiz, ammo shu narsa ma’lum ediki, bu kvartalga har yili ko‘chat ekilaveradi, yozda qarovsizlik va suvsizlikdan qurib ketaveradi. Balkim biz bilan gaplashayotgan yigit ham shunga taajjublanib kulayotgandir. Ochig‘ini aytganda bunga kulish emas, yig‘lash kerak edi. Negaki birgina 11- va 33-uy-joydan foydalanish idorasining o‘zi o‘tgan olti yil mobaynida 69 ming 880 tupdan ko‘proq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekkan. Ana shu ko‘chatlarning sakson foizi ko‘kardi, deb rayonga ma’lumot ham berilibdi. Afsuski, ana shuncha daraxtlardan yarmi ham qolgan emasdi. Agar shuncha daraxt ko‘karganda edi, hammayoq ko‘kalamzor bo‘lib ketmasmidi.

Ana shularni o‘ylab borayotgandik, nuroniy chol bir yigitga nimalarnidir uqtirayotganini eshitib qoldik.

— O‘g‘lim, bu ko‘chatni ekkach, uni xuddi yosh bolani tarbiyalagandek asrab-avaylash kerak.
— Yozda bu ariqlarga suv kam keladi-da, ota, — deb hasrat qildi yigit.

Darhaqiqat, hammayoqda ariqlaru, ammo bu ariqlarda suvni sharqiratib qo‘yish hech kimning xayoliga kelmaydi. Har qaysi JEK ixtiyorida ana shunday ishlarni bajarish uchun ishchi kuchlari ajratilgan-ku, ammo ularning ishi ustidan kontrollik yo‘q. Nega? Bu savolga Chilonzor rayon ijroiya komitetidagi o‘rtoqlar javob bersinlar.

Norilla Narvoniydan yozib oluvchilar:
I.Mahmud,
U.Jafar.
«Mushtum» jurnali, 1973 yil, 6-son.