O‘zbek estrada xonandasi Kaniza lShahrizoda Ahmedova) ijtimoiy tarmoqlardagi «axloqsiz» videolari uchun litsenziyasidan bir oyga mahrum qilindi. Bu haqda madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov «Daryo» muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

«Kengash a’zolari bir ovozdan Kaniza Ahmedovani litsenziyadan mahrum qilish qarorini ma’qullashdi. Unga jiddiy ogohlantirish berildi. Agar bir oy davomida tartibga tushsa, litsenziya uchun qayta ariza tashlashi mumkin. Ochig‘ini aytaman, bu qiz nega bunday qilganiga hayronman. Bunday narsalar unga nimaga kerak? Aqli raso, o‘ziga yarasha ongi bor, oliy ma’lumotli inson. Bir oy ichida xatolarni to‘g‘rilasa, to‘g‘riladi — bo‘lmasa, yanada jiddiy chora ko‘riladi. Kaniza Ahmedovaga qo‘llanayotgan choralardan boshqa san’atkorlar ham o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olsa, yaxshi bo‘lardi», — degan vazir o‘rinbosari.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Kanizaning to‘yda qo‘shiq kuylayotgani aks etgan video tarqalgandi. «Daryo» mu’lumotlariga ko‘ra, xonandaning kiyimi va raqsini tarmoq foydalanuvchilari keskin tanqid qilgan.

Kaniza ushbu tanqidlarga videomurojaat orqali javob berarkan, odamlarni aqlsizlikda ayblagan.

«Kechadan buyon mening ishtonim muhokama bo‘layotgan ekan. Men tushunmadim. Men o‘zi salbiy, ayniqsa, savodsizlar yozgan izohlarga ahamiyat berishni xohlamasdim. O‘zbekistonda meni ishontimni muhokama qilishdan boshqa mavzu qolmadimi?» — degan u.

каniза, litsenziya, o‘zбекkonsert

Videodan skrinshot

Xonanda litsenziyasidan mahrum bo‘lganidan so‘ng «O‘zbekkonsert» tashkiloti hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov rahbarligi ostidagi madaniyat vazirligi (hozirda — Madaniyat va turizm vazirligi)ni tanqid qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shamollab yotgani uchun litsenziya masalasi muhokama qilingan yig‘ilishda qatnasha olmagan.

«O‘zbekkonsert» bir paytlar «O‘zbeknavo» deb nomlangan. Bir og‘iz topshirig‘ingiz bilan chekka qishloq bormi, chang-dala bormi, yillab yugurib xizmatingizni qildim. Taqdirlash u yoqda tursin, bir og‘iz rahmat dedingizlarmi? Sizlarning topshirig‘ingiz bilan xalqning xizmatiga tekinga bordim. Bilaman, menga tekin, lekin xalq pulini to‘lab qo‘ygan, u esa boshqa cho‘ntakka kiravergan. Hammasini bilsak ham biz san’atkorlar indamadik, davlat sizlarga huquq bergan deb bosh egdik", — degan qo‘shiqchi.

Kaniza davlat xizmatchilarining o‘rni abadiy emasligini va qachondir «O‘zbekkonsert» degan tushuncha ham yo‘q bo‘lishini ta’kidlagan. «Chunki shou-biznes rivojlangan davlatlarda bunaqa tizim mavjud emas», deya qo‘shimcha qilgan u.

«Nega konsert zallarni to‘ldirib, 3−4 ming odamga ikki soatlab axloqsiz gaplar bilan shou ko‘rsatadiganlarni litsenziyasi joyida? Nega ijtimoiy tarmoqlarda ham, xizmatlarda ham ochiq kiyinadiganlarning litsenziyasi joyida? Ularning „orqasi“ baquvvatligi uchunmi? Bizning qaysi sohamizda adolat bor? Hatto mukofotlar ham „orqasi“ va puli borlarga berilishini hamma biladi-yu, lekin hech kim hech narsa deya olmaydi», — degan xonanda.

U muhokamalarga sabab bo‘lgan hind raqsi haqida gapirarkan, hind filmlari to‘g‘risida ham o‘z fikrlarini bildirgan.

«Hind kinolari xalqimizning axloqini buzayotgan ekan, nega O‘zbekistonda kliplari va kinolarini namoyish qilishga ruxsat berasizlar? Agar muammo ishtonsizligim bo‘lgan bo‘lsa, uni faqat ko‘r odam ko‘rmagandir, shimim borligi shundoq ko‘rinib turibdi. Agar kliplarimga ruxsat yo‘q bo‘lsa, boshqalarga o‘xshab hayosiz so‘zlar ishlatib vaynlar olaman. Bu xalqimizga kliplardan ko‘ra ko‘proq yoqadi», — degan Kaniza.

Kaniza madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov va «O‘zbekkonsert» rahbariyatining «saroylari»ga borishini qayd etgan.

«Albatta advokatim, yuristim, erkin jurnalistlar bilan birga boraman. Qabul qilmasangizlar, kechgacha o‘tiraman. Litsenziyamni qaytarib olish uchun emas, shunchaki ba’zi haqiqatlarni aytish va ularnikini eshitish uchun boraman. Mening orqamda baquvvat «tankim» yo‘q. Mening orqamda har qanday holatda ham tura oladigan muxlislarim va Robbim bor. Ha, aytgancha, «O‘zbekkonsert»ga bir talabim bor. Xuddi ro‘mol o‘rab televideniyega chiqishga ruxsat berilmagandek, endi teri rangidagi kiyimlarda sahnalarga chiqilmasin, deb «zapret» qo‘yishsin. Biz bosh ustiga bo‘ysunamiz», — degan xonanda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning noyabrida xonanda Lola «Sevgingni menga ayt» qo‘shig‘iga klip suratga olib, uni ommaga taqdim qilgan edi. Unda qo‘shiqchilarning kliplarini «ma’naviyat» va mentalitet doirasida yaratishga urinishlar tanqid ostiga olingan.

Kolumnist Nikita Makarenko «O‘zbekkonsert»ning harakatlari ijod erkinligini himoya qiluvchi Konstitutsiyaga zid ekanligini yozgandi. Uning ta’kidlashicha, jamiyatni «provakatsion harakter»dagi kliplar emas, balki jaholat va korrupsiya buzadi.