O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qarshida xalq vakillari, faollar bilan uchrashuvda OAV, so‘z erkinligi va uning me’yorlari to‘g‘risida so‘zladi. Davlat rahbarining suhbati matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan e’lon qilindi.

«Yopiq davlat bo‘lib ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlamaganimiz uchun adolat, xalqning ovozini eshitmadik. Eshitmadik. Erkinlik nafasi yoqadimi? Menga yoqadi. To‘g‘ri, menga qiyinroq bunday ishlash», — deya ta’kidladi prezident.

«Hamma aytadi [OAVlarni] yopib qo‘y, deb. Yo‘q, yopmayman. Yana oldingiday prokuror, SNB (MXX — tahr.) tekshiruvchi bo‘laversinmi? Biz niyatimizga yetdikmi? Birimiz ikki bo‘ldimi? Shuning uchun erkinlik nafasi, ommaviy axborot vositalarini do‘st bilishimiz kerak», — dedi u.

«Gapirsin — adolatni gapirsin. Tanqid qilsin — to‘g‘ri tanqid qilsin. Shu qishloqqa, maktabga, ta’limga foydasi bo‘lsa, nur ustiga nur. Men har kuni internetni o‘qiyman. Kim qanday gapirganini vaqtim boricha bir-ikki soat qo‘limga qalam olib, o‘zimga yozib olaman. Baribir, o‘nta fikrdan to‘qqiztasi to‘g‘ri bo‘lib chiqadi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev 2021 yil fevralida jurnalistlar bilan suhbatda «adolatni yetkazishdan to‘xtamaslik» lozimligini aytgan edi. «Qo‘rqmanglar. Ortingizda prezident turibdi», — degan edi prezident.

Shuningdek, davlat rahbari senzura o‘rnatish, OAV faoliyatiga noqonuniy aralashish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish va boshqalar uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilgandi.