22 fevral kuni «Tez yordam» xizmati uchun Jizzakh Auto tomonidan Volkswagen Caddy avtomashinalarining 117 dona navbatdagi partiyasi hududlarga taqdim etildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shu vaqtgacha Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparkida 220 ta shunday mashina bor edi.

Birinchi bosqichda 230 dona B toifadagi Ford reanimobillari Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan Toshkent va Samarqand shaharlarida foydalanish uchun yetkazib berilgan. 2022 yilga kelib respublikada 541 ta zamonaviy mashina «Tez yordam» xizmatida ishlamoqda.

«Ikkinchi bosqichda 1000 dona A toifali tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilinishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu maqsadda Osiyo taraqqiyot banki loyihasi asosida kredit mablag‘lari ajratilgan. Bu orqali tizimdagi ma’nan eskirgan Damas avtomobillarini yangilash ko‘zda tutilmoqda», — deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, beshinchi avlod A toifali Volkswagen Caddy MQB platformasida ishlaydi. Ular 1,6 MPI atmosferali motor bilan jihozlangan, 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi va 110 ot kuchiga ega. 100 kilometr masofaga avtomobil aralash siklda 7 litr yonilg‘i sarflaydi.

Hozirgacha qariyb 340 ta Volkswagen Caddy joylarga yetkazib berildi. Avtomobillar hududlardagi aholi soni va tez tibbiy yordam mashinalarini yangilash ehtiyojidan kelib chiqib taqsimlanmoqda.

Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoit G‘afurovning ma’lum qilishicha, xarid qilinishi rejalashtirilgan yana 640 ta tez tibbiy yordam mashinasi Hyundai, Ford, Volkswagen, Iveco kabi jahon brendlariga tegishli bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi yanvar oyida ham hududlarga tez tibbiy yordam xizmati uchun 110 ta Volkswagen Caddy mashinasini topshirgandi.