Turkiya janubidagi Hatay viloyatida ikkita yangi zilzila sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Anadolu axborot agentligi hukumat qoshidagi Tabiiy ofatlarni boshqarish va oldini olish boshqarmasi (AFAD)ga tayanib.

6,4 magnitudali birinchi silkinish mahalliy vaqt bilan 20:04 da, ikkinchi — 5,8 magnitudalisi 20:07 da qayd etilgan.

Zilzila epitsentri mos ravishda Defne va Samandag viloyatlarida joylashgan. Chuqurlik 16,7 km va 7 km. Tabiiy ofat qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan.

Dengiz sathining 50 sm ga ko‘tarilishi xavfi tufayli aholiga shikastlangan binolarga yaqinlashmaslik va qirg‘oq bo‘ylaridan uzoqroq turish tavsiya qilindi.

Turkiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, yangi zilzilalar oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, 213 kishi jarohat oldi.

6 fevraldan boshlab qayd etilayotgan zilzilalar oqibatida hozirgacha 41,1 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. 15 ta bino vayronalari ostida omon qolganlarni qidirish ishlari davom etayotgan Hatay viloyatidan tashqari Turkiyaning barcha viloyatlarida qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlandi.

O‘zbek diasporasining katta qismi istiqomat qiladigan Hataydagi ishlarga O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari va harbiylar ham jalb etilgan.

Avalroq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Turkiyaning zilziladan jabr ko‘rgan, etnik o‘zbeklar istiqomat qiladigan Ovakent qishlog‘iga tashrif buyurgandi. U Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li bilan ham uchrashgan.