O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi loyiha NeMolchi.uz ayollar va bolalarni himoya qilish bo‘yicha O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilishi mumkin bo‘lgan eng muhim o‘zgarishlar haqida eslatdi.

Avval yozganimizdek, Adliya vazirligi hamda Senat huzuridagi fuqarolik jamiyati vakillari, ommaviy axborot vositalari va blogerlardan iborat ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida jinsiy erkinlik va ayollar va bolalarning jinsiy xavfsizligiga qarshi jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish taklif etilgan.

Uy zo‘ravonligi haqida alohida modda qo‘shilishi mumkin.

Oiladagi zo‘ravonlik, ya’ni bir oila a’zosi tomonidan boshqa oila a’zosiga nisbatan sodir etilgan, jabrlanuvchini kaltaklash, kamsitish, qo‘rqitish, izolyatsiya qilish, iqtisodiy vositalardan mahrum qilishda namoyon bo‘lib, jabrlanuvchiga tazyiq va zo‘ravonlikdan yengil zarar yetkazilishiga olib kelgan harakat. Bu 150 soatdan 480 soatgacha bo‘lgan muddatga majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar ikki yoki undan ortiq oila a’zolariga nisbatan, oilaning voyaga etmagan a’zosi ishtirokida, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga beparvolik yoki sog‘lig‘iga katta zarar yetkazilishiga olib kelgan iqtisodiy mablag‘lardan, shu jumladan yashash vositalaridan mahrum qilinishida ifodalangan, himoya orderi talablarini bajarmaganligi uchun aybdor shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan va badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yohud 3 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmishlar bir guruh shaxslar tomonidan takroran sodir etilgan bo‘lsa 8 yildan 11 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xuddi shunday qilmishlar jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa 11 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinsiy jinoyatlarning barcha shakllari uchun jazoni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Jazo muddatini uzaytirish nafaqat jinoyatchilarni jazolash, balki jinsiy erkinlikka tajovuzni og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazishga yordam beradi. Masalan, og‘irlashtiruvchi holatlarsiz nomusga tegish uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklif qilinmoqda (hozir 3 yildan 7 yilgacha jazo beriladi).

Qarindoshlar, qaramog‘idagi bolalarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblanadi.

«Jinoyat kodeksining amaldagi tahririda qarindoshlar va notanishlarga nisbatan zo‘ravonlik teng ko‘riladi, vaholanki yaqin odamning jinoyat sodir etish va uni tizimli ravishda takrorlash imkoniyati ko‘proq», — deyiladi NeMolchi.uz xabarida.

Voyaga yetmaganlarni tarbiyalash, o‘qitish yoki parvarish qilish bilan shug‘ullanadigan shaxslar tomonidan zo‘rlash yoki jinsiy aloqa qilish og‘irlashtiruvchi holat toifasiga kiritilishi mumkin.

Bugungi kunda Jinoyat kodeksida barcha jinoyatlar teng ko‘rib chiqiladi, bolaga ta’sir o‘tkazadigan va u bilan to‘sqinliksiz muloqot huquqiga ega bo‘lgan shaxs kattaroq javobgarlikka tortilishi kerakligi hisobga olinmaydi.

Voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi ayrim jinoyat turlari kriminnalashtirilishi mumkin.

«Loyiha tomonidan internetdan foydalangan holda voyaga yetmaganlarni jinsiy aloqaga undash moddasini kiritish taklif qilinmoqda. Bu hozirgi vaqtda qonun bilan tartibga solinmagan bolalarga qarshi kiber jinoyatlarning ko‘pchiligini oldini oladigan modda bo‘lishi mumkin», — deyiladi NeMolchi.uz xabarida.

Stalking va ta’qib uchun javobgarlik kiritilishi mumkin.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaxsni ta’qib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi moddani kiritish taklif etilmoqda. Bugungi kunda ruhiy zo‘ravonlikning bu turi alohida jinoyat turi sifatida jazolanmaydi, ta’qibchi qo‘pol harakatlar, masalan, kaltaklash va mulkka zarar yetkazmaguncha javobgarlikka tortilmaydi.

Jinsiy ta’qiblar uchun javobgarlik kiritilishi mumkin.

Mamlakatimizda deyarli har bir ayol duch kelgan tegajog‘lik, ketkolling va ta’qiblar ma’muriy jazoga tortilishi mumkin. Ayni paytda bunday xatti-harakatlari uchun jinoyatchi faqat bezorilik moddasi jazolanishi mumkin.

Shahvoniy shilqimlik, ya’ni insonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi yoki tahqirlovchi bir marta qo‘pol tarzda yoki bir necha marta sodir etilgan, so‘zlar, imo-ishoralar, tovushlar, tanbehlar, teginishlar, ta’qiblar, qo‘ng‘iroqlar va boshqa harakatlar shaklida ifodalangan nomaqbul harakatlar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

O‘sha harakatlar takroran sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

«Tez orada Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanishi va Qonunchilik palatasiga muhokamaga kiritilishi mumkin bo‘lgan qonun loyihasi mamlakatimizdagi millionlab ayollar va bolalar hayotidagi vaziyatni o‘zgartirishga qodir. Senat huzuridagi Ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan bunday muhim ishlar o‘z maqsadi — yurtdoshlarimiz xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashishga katta umid qilamiz», — deya ta’kidlangan NeMolchi.uz`da.

Loyihaning to‘liq matni bilan havolalar orqali tanishing: o‘zbek tilida, rus tilida.