Toshkent shahrida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilib, ular tayyor biznes sifatida tadbirkorlik subyektlariga beriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16 fevraldagi «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida keltirilgan.

Bunda Toshkent shahrida maxsus davlat muassasasi tashkil etilib, unga yer uchastkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilishi ko‘zda tutilgan. So‘ngra avtoturargohlar profilini o‘zgartirmaslik sharti bilan tadbirkorlarga beriladi.

Avtoturargohlarni o‘z tannarxining 10 foiz miqdorida boshlang‘ich qiymatida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish imkoniyati taqdim etiladi.

Mazkur joylar qurilishini moliyalashtirish respublika va mahalliy budjet daromadlarining rejadan orttirib bajarilgan qismidan teng ulushlarda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda transport vositalari oqimi to‘planuvchi kamida 4 ta manzil tanlab olinadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkent shahar hokimligi, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 1 oy muddatda qurilish tartibini tasdiqlash uchun loyihani Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtdagi garajlar o‘rnida ikki, uch va olti qavatli avtoturargohlar qurish rejasi 2017 yilda ilgari surilgandi. O‘shanda Toshkent hokimi Rahmonbek Usmonovning 1 iyundagi qarori bilan birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi bo‘lgan ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi ma’qullangan.

Bir yil avval, 2016 yilning mart oyida aeroport, Shimoliy vokzal va boshqa joylar yaqinida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish rejalari e’lon qilingan edi.

Ammo bu rejalar amalga oshirilmagan va ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish rejalashtirilgan ba’zi joylarda boshqa obyektlar, masalan, turar joy majmualari paydo bo‘lgan.

Avvalroq Transport vazirligi huzuridagi Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida poytaxtda jamoat transportini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda avtoturargohlarni kengaytirish uchun yer yo‘q, ularda avtomobillarni ertalabdan kechgacha saqlab turish esa yer resurslaridan foydalanishning eng samarasiz usuli hisoblanadi.