O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi. Tegishli qonun «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilindi.

Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil oktabr oyida qabul qilingan va dekabr oyida Senat tomonidan ma’qullangan.

Bitim 2022 yil 29 mart kuni Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan.

Hujjat O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Bu jinoyat sodir etgan va ozodlikdan mahrum etilgan chet el fuqarolarining o‘z mamlakatida jazoni o‘tashi uchun shart-sharoit yaratish, shuningdek, ularni qayta tarbiyalash va ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qasim Jomart Toqayev O‘zbekiston bilan mahkumlarni alishish bitimini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Hozirda Qozog‘istonda 486 nafar o‘zbekistonlik qamoqda saqlanayotgani aytilgan. O‘zbekistonda esa 20 nafar qozog‘istonlik mahkum bor.