16 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, tomonlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbarlari o‘zaro savdoni ko‘paytirish, yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, qo‘shma Loyihalar ofisi doirasida ustuvor tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Shu ma’noda, «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro ko‘rgazmasi va O‘zbekiston-Rossiya hududlar forumini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Ikki davlat yetakchilari madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalari yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Kreml matbuot xizmati suhbat haqida qisqacha ma’lumot berdi. «Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga oid qator masalalar ko‘rib chiqildi», — deyiladi xabarda.