Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan Belarusning Milavitsa ichki kiyim brendi do‘koni payshanba kuni modellarning suratlarini vitrinaga qaytarib, ularning ayrimlarini almashtirdi.

Bu bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar paydo bo‘ldi. «Gazeta.uz»ga kompaniya rahbariyati suratlar qaytarilganini tasdiqladi, ammo izoh berishdan bosh tortdi.

Bir kun avval internetda do‘kon tanqid ostiga olingani, fotosuratlardagi modellar «fohishalar» deb atalgan video joylashtirilgandan so‘ng do‘kon suratlarni olib tashlashga majbur bo‘lgani haqida yozgandik. Do‘kon rahbari suratlar tuman hokimligining iltimosiga ko‘ra olib tashlanganini aytgan.

U yerda, o‘z navbatida, bunday suratlar namoyish etilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi va do‘kon bilan «tushuntirish suhbati» o‘tkazilgani aytilgan.

Payshanba kuni tuman hokimligi do‘kon rahbariyatiga bosim o‘tkazmaganini va ularga hech qanday topshiriq bermaganini bildirgan.