Payshanba kuni soat 21:00da «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi qismida transport harakati tiklandi, deb xabar qildi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati. Dovon 15 fevral kuni soat 22:40 da qor ko‘chkisi xavfi tufayli yopilgan edi.

Dovon yopilganidan so‘ng, kuchli qor yog‘ishi sababli, ushbu yo‘nalishning bir nechta qismlarida o‘z-o‘zidan qor ko‘chishi kuzatildi. Respublika idoralararo shtabining tezkorlik bilan qabul qilingan dovonni yopish to‘g‘risidagi qarori tufayli qor ko‘chkisi natijasida hech kim zarar ko‘rmagan.

фвв, қамчиқ dovoni

Shu vaqt mobaynida Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbarligida ixtisoslashtirilgan tuzilmalar tomonidan qor ko‘chkilarining qayta ko‘chish xavfini bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borildi. Dovon yopilgandan so‘ng oraliq hududda bo‘lgan haydovchilar va yo‘lovchilarga transport vositalarini xavfsiz joyga olib borishda yordam berildi. Shu vaqt ichida dovonning bir nechta joylarida barcha hohlovchilar uchun isitish punktlari ishlab turdi. Shu bilan birga, Respublika idoralararo shtabining qarori bilan dovonning har ikki tomonida transportni kutayotgan odamlar uchun bir nechta qo‘shimcha ikki tomonlama temiryo‘l reyslari tashkil etildi.

фвв, қамчиқ dovoni

Qor ko‘chkilarini majburan tushurish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining rahbarligida Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari yordamida 5 ta qorli tog‘ yonbag‘irlari xavfsiz holatga keltirilgan.

фвв, қамчиқ dovoni

Qor ko‘chkisi xavfini bartaraf etishda Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev boshchiligida Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, «O‘zgidromet», «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «Qamchiqavtoyo‘l» va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.

Qamchiq dovonida avtotransport harakati soat 21:00 da tiklandi.