Toshkentda chiqindilarni yig‘ish va yo‘q qilish bilan shug‘ullanuvchi «Maxsustrans» ishlab chiqarish boshqarmasiga Kamoliddin Nabiyev qayta vaqtincha boshliq etib tayinlandi. U 2018 yilda korxona direktorligi lavozimidan olingandi.

Shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov tashkilotning shu vaqtgacha ishlagan rahbari Abdujamil Abduvahobovni o‘z arizasiga ko‘ra ishdan oldi. Endi ular unitar korxonaning balansidagi moddiy boyliklarni xatlovdan o‘tkazib, qabul qilib oladi.

8 fevral kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda Toshkentda yiliga 700 ming tonna chiqindi hosil bo‘lishi, lekin bugungi kunda bor-yo‘g‘i 18 foizi qayta ishlanayotganini aytgandi. Bundan tashqari, chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ham mutlaqo qoniqarsizligini aytib o‘tgandi. «Maxsustrans» faoliyatini isloh qilish, uning moliyaviy ahvolini yaxshilash zarurligini ta’kidlagandi.

Avvalroq poytaxtning yangi hokimi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshqaruvchisi Anvar Umarovni ham o‘z arizasi bilan ishdan olib, o‘rniga Rustam Yusupovni vaqtincha boshqaruvchi etib tayinlagandi.