Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 12 fevral kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda «Ozodlik» radiosining «Maxfiy kelishuvlar — o‘zbekni gazsiz qoldirgan „vallomatlar“ kim?» sarlavhasi ostidagi surishtiruviga izoh berdi (video), deb xabar qilmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Ozodlik» o‘z videosida 2017 yilda «[Rossiya prezidenti Vladimir] Putinning oligarxlariga 35 yil davomida mamlakatning neft va gaz konlari ustidan to‘liq va eksklyuziv nazorat huquqi berilganini» da’vo qilgan.

Maqolaning o‘zbekcha versiyasida aytilishicha, Kiprning Altmax Holding kompaniyasi «va uning Natural Gas-Stream bo‘yicha hamkorlari O‘zbekiston hukumati bilan shartnoma imzolagan, unga ko‘ra ular O‘zbekistonda har qanday neft va gaz loyihalarini amalga oshirish uchun 35 yilga mutlaq boshqaruv huquqiga ega bo‘lgan».

Bunday bayonotga Gas Project Development Central Asia AG (o‘sha paytda «Gazprom» tarkibiga kiruvchi) va «Uzneftegazdobycha» (O‘zbekneftgazga tegishli) bilan birgalikda investorlar konsorsiumi tarkibiga kiruvchi Altmax Holding moliyaviy hisoboti matni asos bo‘lgan (2015 yilda Baxtiyor Fazilov tomonidan Kiprda yaratilgan, 2017 yilda Rossiya shaxmat federatsiyasi prezidenti va yirik biznes egasi Andrey Filatov kompaniyaning 50% ulushini sotib olgan).

Hujjat ko‘chirmasida aytilishicha, 2017 yilning 5 aprelida konsorsium O‘zbekiston bilan Surxondaryo viloyatidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» (M25) koni bo‘yicha gaz-kimyo majmuasi qurilishi yuzasidan 35 yilga bitim imzolagan. Ingliz tilidagi matnda esa Gas Project Development Central Asia AG va «Uzneftegazdobycha» (investorlar) O‘zbekiston bilan «investorlarga O‘zbekistondagi barcha neft va gazga nisbatan eksklyuziv huquqlar berish» to‘g‘risidagi bitimni imzolagani aytiladi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov jurnalistlar bilan suhbatda O‘zbekiston barcha gaz va neftga nisbatan eksklyuziv huquqni Rossiyaga qarashli kompaniyaga 35 yilga berganini rad etdi.

«Yolg‘on. Bu — mutlaqo asossiz va noto‘g‘ri talqin qilingan ma’lumot. Barcha ekspluatatsiyadagi konlarning aksariyati „O‘zbekneftgaz“ AJga tegishli. Bu axborot faqatgina „Mustaqillikning 25 yilligi“ nomli konni o‘zlashtirish va ishlatishga tegishli», — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda hozir 250 dan ortiq neft va gaz koni mavjud, u — shu konlarning bittasi.

«Imzolangan bitimga asosan, konni o‘zlashtirishga oid barcha xarajatlar davlat kafolati yoki budjet mablag‘lari hisobidan emas, to‘liq investorlar hisobidan amalga oshiryapti. Foydaning 50 foizi investorga, 50 foizi davlatga tegishli bo‘ladi. Qonunchilikda ushbu kelishuv mahsulotni taqsimlash bitimi deyiladi. Hamkorlar, xorijiy investorlar bilan faqat bitta kon bo‘yicha imzolanadi», — qayd etdi vazir.

Shundan so‘ng u bitimni jurnalistlarga ko‘rsatdi: «Mana, atay shu bitimni oldim. Ko‘rsangiz, har bir varag‘i ishchi guruh, investorlar, xalqaro yuristlar jalb qilingan holda tayyorlangan. Bu qandaydir bir kechada paydo bo‘lgan hujjat emas, tizimli, qonunchilik asosida, xalqaro normalar bo‘yicha majburiyatlar belgilangan kelishuv».

gaz, жўрабек мирзамаҳмuдов, россия, энергетика vazirлиги

Bitimda investorga berilgan huquq belgilangan muddatda — 35 yil davomida shartnomadagi maydonda ishlarni amalga oshirishi belgilangan. Shartnoma hududi — bitta kon va uning atrofidagi hudud hisoblanadi.

gaz, жўрабек мирзамаҳмuдов, россия, энергетика vazirлиги

Shartnoma uzoq muddatga tuzilgan, chunki faqat M25 konida (avvalgi Gadjak nomi bilan mashhur) qidiruv ishlari kamida sakkiz yil davom etadi, dedi vazir. Loyihani boshqarish uchun Surhan Gas Chemical Operating Company tashkil etilgan.

O‘zbekiston tomonidan shartnomani bosh vazirning sobiq o‘rinbosari G‘ulomjon Ibrohimov imzolagan.

Investor gaz ishlab chiqarish jarayonini hali boshlamagan. Ayni paytda infratuzilma yaratilib, yiliga 5 milliard kubometr gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega gazni qayta ishlash zavodi barpo etilmoqda.

Jo‘rabek Mirzamahmudov, shuningdek, O‘zbekiston tuzgan boshqa bitimlarni ham sanab o‘tdi. 2004 yilda Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi bilan «Qandim-Xauzak-Shodi» (35 yil muddatga, 2014 yilda yana 7 yilga — 2046 yilgacha uzaytirilgan) va «Janubi-G‘arbiy Hisor» (2007 yilda kuchga kirgan va muddati 36 yil) loyihalari bo‘yicha mahsulotni taqsimlash bitimi imzolangan.

Bundan tashqari, «Gazprom» bilan «Shaxpaxta» konini (2004 yilda 15 yilga berilgan, 2018 yilda 5 yilga uzaytirilgan) va «Yangi Jel» (2018 yilda 25 yilga imzolangan) bo‘yicha bitim imzolangan.

Energetika vazirining ta’kidlashicha, Malayziyaning Petronas kompaniyasi bilan Boysun investitsion bloki (hozirgi M25) va Ustyurt bo‘yicha ikkita bitim tuzilgan, biroq 2014 yilda kompaniya shartnomalardan voz kechgan.

Bitimga qo‘shimcha ravishda, qo‘shma korxonalar doirasida shartnomalar tuzilishi yoki loyiha to‘liq investorga o‘tkazilishi mumkin.

O‘zbekistondagi 294 ta neft va gaz konining 118 tasi «O‘zbekneftgaz»ga tegishli, 176 tasi xorijiy kompaniyalar tomonidan boshqariladi. Xorijiy kompaniyalar orasida:

  • Uz-Kor Gas Chemical — 1 (eng yirik Surg‘il konlaridan biri). Koreya gaz korporatsiyasi (KOGAS), Lotte Chemical Corporation va GSE&R (50%) hamda «O‘zbekneftgaz» (50%)ni o‘z ichiga olgan Koreya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan yaratilgan;
  • «Gazprom» — 2;
  • Natural Gas Stream — 10;
  • Saneg (sobiq Jizzakh Petroleum) — 105, katta qismi — neft;
  • «Lukoyl» — 13;
  • «Uzmaloyl» (O‘zbekiston-Malayziya qo‘shma korxonasi) — 1;
  • CNPC (Xitoy) — 13;
  • Epsilon — 18;
  • «Gissarneftgaz» (Gas Project Development Central Asia bilan birgalikda) — 8 ta;
  • Surhan Gas Chemical — 1 ta;
  • «Andijanpetro» (Rossiyaning «Zarubejneft» bilan birgalikda) — 3;
  • Petromaruz (Rossiya) — 1.

Jo‘rabek Mirzamahmudov ro‘yxatga olingan kompaniyalar faoliyat yuritayotgan konlarning zaxiralarini oshkor qilmadi. «Gazeta.uz» bu bo‘yicha 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra ma’lumotlarni e’lon qilgandi. Xususan, tasdiqlangan zaxiralarning eng kattasi «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tomonidan boshqarilgan — 934,1 milliard kub metr gaz (joriy zaxiralarning 50 foizi). «Lukoyl» 413,1 milliard kub metr gaz (22,1%), Uz-Kor Gas Chemical — 109,6 milliard kub metr (5,9%), Surhan Gas Chemical — 106,6 milliard kub metr (5,8%), Jizzakh Petroleum (hozir Saneg) — 84,9 milliard kub metr (4,5%).

Jurnalistlar vazir bilan uchrashuvda O‘zbekiston rasmiylari mamlakat tabiiy boyliklari bilan bog‘liq hujjatlar mazmunini oshkor etishi kerakligini bildirdi.