Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida Qirg‘izistondan noqonuniy olib o‘tuvchi yerosti yo‘llari aniqlandi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Qayd etilishicha, 3 va 9 fevral kunlari O‘zbekiston DXX va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tezkor tadbirlar olib borilgan. Jarayon davomida Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qora-Suu tumani hududidan O‘zbekiston davlat chegarasi orqali Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani hududiga olib kiruvchi, har birining eni 60 sm, balandligi 1,5 metr, uzunligi taxminan 150−200 metrli ikkita yerosti yo‘llari mavjudligi aniqlangan.

Hozirda bu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonni noqonuniy bog‘lovchi yerosti tunneli birinchi marta topilayotgani yo‘q. Bundan avval ham — 2022 yilning may va iyun oylarida bunday yo‘llar topilgandi.