Qarz mablag‘larini jalb qilishning qimmatlashishi O‘zbekiston hukumatini ortiqcha xarajatlardan qaytaruvchi omillardan biri bo‘ladi. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev 26 yanvar kuni «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov avvalroq inflyatsiyani jilovlashda budjet konsolidatsiyasining (davlat qarzi va budjet taqchilligini kamaytirish maqsadida daromad yoki xarajatlarni optimallashtirish) fiskal barqarorlikni ta’minlashdagi roli ortib borayotganini ta’kidlagandi. Davlat xarajatlarining oshishi ortidan inflyatsiya prognozlardan yuqori darajada shakllanmoqda, degandi u.

Sobiq moliya vaziri, hozirda prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov bugungi kunda tashqi qarzni jalb qilish qimmatga tushayotgani, shu bois O‘zbekiston asosiy e’tiborni davlat budjeti va qarz olish imkoniyatlaridan ko‘ra tarkibiy islohotlarga qaratishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, u hukumat budjet taqchilligini kamaytirishga ko‘proq e’tibor qaratishi, budjet intizomini ta’minlash va investorlarga bu uning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishini ko‘rsatishi kerakligini ta’kidladi.

Behzod Hamroyev «Hukumat xarajatlardan o‘zini tiyishi qiyin» ekanini tan oldi.

«Hukumat xarajatlardan o‘zini tiya olishi qiyin. Hamma narsa pulga bog‘liq. Agar pul bo‘lsa, sarf-xarajatlar davom etadi. Bu yil foizlar oshishi sababli qarzni jalb qilish qiyinlashadi», dedi u.

«Biz kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda markazlashtirilgan investitsiyalarga ehtiyoj yuqori. Bu xarajatlarning samaradorligi bo‘yicha savollar bor, ammo unga talab ham mavjud. Masalan, bog‘chalar, maktablar, yo‘llar, qurilishlar, ko‘priklar — bular katta talab. Pul bor ekan, u sarflanaveradi», deb tushuntirdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida jahondagi markaziy banklarning (AQSh Federal zaxira tizimi, Yevropa Markaziy banki va boshqalar) foiz stavkalari pasaymaydi, shu sababli qarzni jalb qilish qimmatligicha qoladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston yilning ikkinchi yarmida yevroobligatsiyalar chiqarishi mumkin.

«oktabr oyida biz FZT, Jahon banki bilan oxirgi marta gaplashganimizda, ular bu yil yevrobond bozorida stavkaning pasayishini kutmayotganini bildirdi. Ammo, ehtimol, yilning ikkinchi yarmida pasayish bo‘lishi mumkin. Chunki energiya eksportchilari juda ko‘p miqdorda mablag‘ to‘pladi, shuning uchun ular baribir bozorga kiradi», — dedi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda hukumat yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizlik budjet taqchilligi chegarasini ushlab turolmadi, parlament esa davlat xarajatlarini 2 milliard dollarga oshirish va YAIMning 4 foizigacha bo‘lgan chegarani ma’qullagandi.