7 fevral kuni soat 17:00 (Turkiya vaqti bilan) holatiga ko‘ra, 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi ushbu mamlakatda vayronkor zilzilalar zonasida qidirilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Kunning ikkinchi yarmida Malatya viloyatida 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani va 4 nafar o‘zbekistonlik qidirilayotgani haqida xabar berilgan edi.

«15 nafar vatandoshlarimiz qidirilayotgan edi, bulardan 2 nafari bilan aloqa o‘rnatilib, 13 nafarini qidiruv ishlari davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari, shuningdek, 17 nafar vatandoshimizni, jumladan, 13 nafar sportchini tabiiy ofat hududidan Istanbulga olib borishda yordam berdi.

Seshanba kuni O‘zbekistondan ikki samolyot tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun eng ko‘p jabrlangan Adana va Gaziantep shaharlariga insonparvarlik yordami va 100 nafarlik qutqaruvchilar guruhini yetkazdi, deya xabar berdi Dunyo nashri.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari zudlik bilan 15 mingdan ortiq o‘zbeklar istiqomat qiladigan Xatay tumani Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshladi.

O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasida zilziladan jabr ko‘rgan vatandoshlarga yordam ko‘rsatish va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun kechayu kunduz shtab tashkil etildi. Telefon: +90−538−035−85−34.

Turkiyaning 10 viloyatida favqulodda holat joriy etildi

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Qahramonmarashdagi zilziladan jabr ko‘rgan 10 viloyatda uch oylik favqulodda holat e’lon qildi, deb xabar bermoqda «Anadolu».

U Turkiyada 3549 kishi zilzila qurboni bo‘lgani, 22,1 ming kishi jarohatlangani hamda 8000 dan ortiq odam vayronalar ostidan qutqarilganini ma’lum qildi.