2023 yil 1 apreldan professional ta’lim muassasasi (kollej va texnikumlar) pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirilishi mumkin. Bu o‘zgarish joriy yilgi Davlat dasturi loyihasida keltirib o‘tilgan.

Professional ta’lim tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ish beruvchilarning talablariga mos bo‘lgan malakali o‘rta
bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida:

2023/2024 o‘quv yilidan davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual ta’lim shakli bo‘yicha ham ajratilishi, natijada joriy yilda dual ta’lim shakli bo‘yicha davlat granti asosida kamida 5,7 ming nafar o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

Dual ta’lim shaklida o‘quvchi professional ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni oladi va bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarish korxonasida mehnat faoliyatini amalga oshirib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi (Germaniya, Shveysariya, Avstriya tajribasi). 2023 yil 1 sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Yevropa kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash tizimi talablariga to‘liq javob beradigan 1 tadan namunaviy professional ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Natijada namunaviy profta’lim muassasalari Yevropa Ittifoqi komissiyasi, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), KFV banki, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasini, Koreyaning «YeDSF» fondi bilan birgalikda tashkil etiladi. Ushbu muassasalar faoliyatiga zamonaviy standartlarni joriy qilish uchun ularga o‘quv reja va dasturlarni, ta’lim shakli va muddatini mustaqil belgilashga ruxsat etiladi. Shuningdek, har bitta muassasaga 4 nafardan xorijiy ekspertlar jalb etiladi.

2023 yil 1 apreldan boshlab:

  • professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;
  • professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirilishi mumkin.

Bu orqali 27 ta professional ta’lim muassasasi o‘qituvchilarining oylik maoshlari 20 foizga oshirilib, o‘rtacha 3 mln so‘mga teng bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadlarga 2023 yilda 139 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Hozirda Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unga 17 fevralgacha taklif kiritish mumkin.