O‘zbekistonda yanvar oyining 8 kunida davlat budjeti xarajatlari daromadlardan 2,3 barobar oshib, defitsit ko‘rsatkichi 5,54 trillion so‘mga yetdi. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligining «Gazeta.uz» e’tiborini tortgan ma’lumotlarida aks etgan.

Vazirlik 2019 yildan boshlab #BudgetUz2019, #BudgetUz2020 va boshqa xeshteglar ostida davlat budjeti daromadlari va tushumlari, shuningdek, xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilib kelmoqda. Ma’lumotlar odatda ish kunlarida taqdim etiladi.

2023 yilda esa vazirlik 4−6 yanvar va 9−13 yanvar, ya’ni atigi 8 kunlik ma’lumotlarni e’lon qildi. Shundan so‘ng bu bo‘yicha ma’lumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi kanalida aks etmay qo‘ydi, taqqoslash uchun, 2022 yilda #BudgetUz2022 xeshtegi ostida jami 219 ta xabar e’lon qilingandi.

davlat budjeti

Ushbu davrdagi daromadlar 4,37 trillion so‘mni tashkil etdi, bu 2022 yilning 8 kunidagi daromadga nisbatan 18,9 foizga (5,39 trillion so‘m) va 2021 yilga (4,26 trillion so‘m) nisbatan 2,6 foizga kam hisoblanadi. Xarajatlar 73,6 foizga o‘sdi — 2022 yildagi 5,7 trillion so‘mdan 9,9 trillion so‘mgacha.

Agar 2021 yilning 8 kunida taqchillik 270,8 milliard so‘mni, 2022 yilning 8 kunida 318 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 5,54 trillion so‘mga yetgan (mos ravishda 17,4 va 20,4 barobar ko‘p). Raqamlar 2023 yilga rejalashtirilgan davlat budjeti taqchilligining 22 foiziga yetib ulgurgan — 25,13 trillion so‘m.

2023 yil boshida davlat budjeti tushum va daromadlarining kamayishi energetika inqirozi hamda elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar tufayli O‘zbekistonda ko‘plab korxonalar faoliyati to‘xtab qolgan paytga to‘g‘ri keldi.

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev fevral oyi boshida Farg‘ona vodiysiga tashrifi chog‘ida ham aytib o‘tgandi. «Bu yil qish juda sovuq keldi. Bundan ko‘plab tadbirkorlar jabr ko‘rganini bilaman», — degandi davlat rahbari.

Xususan, respublikada 3 mingta hududiy sanoat korxonasida 7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmagan (ularda 350 ming aholi band). Hisob-kitobga ko‘ra, zarur choralar ko‘rilmasa, birinchi chorakda yalpi mahsulot o‘sishi 1,5 foizgacha pasayishi mumkin (5 foizdan 3,5 foizgacha).

️"Oldimizda dolzarb vazifa — «qattiq sovuq» oqibatlarini bartaraf etib, biznes faoliyatini tezroq izga tushirish", — degan Shavkat Mirziyoyev. Shu bois iqtisodiyotda yo‘qotishlar o‘rnini qoplash va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida qaror imzolangan.

Shu munosabat bilan prezident birinchi chorakda YAIM pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sovuqdan jabr ko‘rgan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qilgan. Tadbirkorlik subyektlariga kredit to‘lash muddati uzaytiriladi, qarzni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, foiz va «penya» hisobini to‘xtatib turish va boshqa imkoniyatlar yaratiladi.

2022 yilda hukumat davlat budjetining yalpi ichki mahsulot 3 foizi miqdoridagi chegarasini bajarmagan, shu sababli parlament xarajatlarni 2 milliard dollarga oshirish va YAIMning 4 foizigacha bo‘lgan chegarani tasdiqlagan. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov davlat xarajatlarining o‘sishi hisobiga inflyatsiya darajasi kutilganidan yuqori ekanini bildirgan. Inflyatsiyani ushlab turishda budjet konsolidatsiyasining roli oshganini ta’kidlagan.

2023 yilda davlat budjeti taqchilligi chegarasi YAIMga nisbatan 3% miqdorida belgilangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi «Gazeta.uz» so‘roviga hozircha javob bergani yo‘q.