Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti o‘z oldiga 2023 yil davomida mamlakatda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari va ulardagi o‘lim holatlarini kamida 15 foizga kamaytirish vazifasini qo‘ydi. Bu haqda departament boshlig‘i, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z bordi.

YHXX ma’lum qilishicha, 2022 yil davomida respublika hududida jami 9902 YTH sodir etilgan bo‘lib, 2086 ta o‘lim bilan bog‘liq holatlarda 2356 nafar fuqarolar vafot etgan. Hodisalarning 7816 tasi tan jarohati bilan bog‘liq holatlarni tashkil etdi. Ularda 9606 nafar fuqarolar jarohatlangan.

YTHlar soni 2022 yilda o‘tgan 2021 yilga (10 001) nisbatan 99 taga yoki 1 foizga, o‘lim bilan bog‘liq holatlar (2021 yilda 2197 ta) 111 taga yoki 5,1 foizga, vafot etganlar (2021 yilda 2426 ta) 70 nafarga yoki 2,9 foizga kamaygan bo‘lsa, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar (2021 yilda 7804) 12 taga yoki 0,2 foizga, jarohatlanganlar esa (2021 yilda 9230) 376 nafarga yoki 3,9 foizga ortgan.

O‘tgan yili har 100 ming aholiga 27,5 ta, har 10 ming avtomashinaga 23,7 ta YTH to‘g‘ri kelgan. Har 100 000 aholiga nisbatan o‘lim bilan bog‘liq YTHlar soni 5,8 tani, 10 000 ta transport vositasiga 5 tani, jarohatlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar soni 100 000 aholiga 20,7 tani, 10 000 ta transport vositalariga 24,4 tani tashkil etdi.

Ma’lumot: 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 36 024 900 kishini tashkil etib, bir yil davomida 753 624 kishiga o‘sdi. Yil boshida ro‘yxatga olingan transport vositalari soni 4 186 521 donaga yetdi yoki 2022 yil boshiga nisbatan 364 652 donaga ko‘paydi.

Yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lganlarning katta qismi — 91,7 foizi yoki 2161 nafari xavfsizlik kamarini taqmagan bo‘lgan, 8,3 foizi yoki YTH oqibatida halok bo‘lganlarning 195 nafari xavfsizlik kamarini taqqan. Yo‘l-transport hodisalarida jabrlanganlarning 66,9 foizi, ya’ni 6426 nafari xavfsizlik kamarini taqmagan bo‘lgan, 33,1 foizi yoki 3180 nafari xavfsizlik kamarini taqqan holda bo‘lgan.

YTHlar turlari bo‘yicha eng ko‘p — 44,9 foizi yoki 4449 tasi piyodalar bilan bog‘liq, 31,2 foizi yoki 3093 tasi avtomashinalar, 11,5 foizi yoki 1136 tasi velosipedlar ishtirokida sodir bo‘lgan. YTHlarning 4,7 foizi yoki 467 tasida avtomobillar ag‘darilgan, 4,3 foizi yoki 428 tasi to‘siqlar bilan to‘qnashgan, 1,1 foizi yoki 105 tasi to‘xtab turgan transport vositalari bilan to‘qnashgan va 2,3 foizi yoki 224 tasi boshqa vaziyatlar bilan bog‘liq.

Eng ko‘p YTHlar — 76,1 foizi yoki 7370 tasi yengil avtomobillar ishtirokida sodir bo‘lgan. YTHlarning 11,5 foiz yoki 1136 tasi velosipedlar bilan, 9 foizi yoki 1047 tasi yuk mashinalari bilan, 1,4 foizi yoki 142 tasi mototsikllar bilan, 1,4 foizi yoki 141 tasi avtobuslar bilan, 0,4 foizi yoki 43 tasi ot aravalari bilan, 0,2 foizi yoki 23 tasi skuterlar bilan sodir etilgan.

YTHlarning kelib chiqish sababi obyektiv va subyektiv o‘rganildi. obyektiv sabablarga ko‘ra, YTHlar 1017 ta holatda (10,3 foiz) piyodalar o‘tish joyi tashkil etilmagani, 1302 ta holatda (13,1 foiz) yo‘lni ikkiga ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmagani, 1154 ta holatda (11,6 foiz) piyodalar harakatini cheklovchi to‘siqlar o‘rnatilmagani, 408 holatda (4,1 foiz) yo‘l qoplamasi nosozligi, 342 ta holatda (3,5 foiz) veloyo‘laklar tashkil etilmagani, 214 ta holatda (2,2 foiz) svetofor yoki yo‘l belgisi o‘rnatilmagani, 322 tasi (3,3 foizi) esa boshqa sabablar tufayli sodir bo‘lgan.

subyektiv sabablarga ko‘ra esa, YTHlar 1507 ta holatda (15,8 foiz) belgilangan tezlik me’yoriga amal qilmaslik, 1046 ta holatda (10,6) haydovchining tajribasizligi, 845 ta holatda (8,5 foiz) svetofor va yo‘l belgisi talabiga rioya qilmaslik, 493 ta holatda (5 foizi) transport vositasini haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmasdan boshqarish, 299 ta holatda (3 foiz) mast holatda boshqarish, 540 ta holatda (5,5 foiz) esa boshqa subyektiv sabablar tufayli sodir bo‘lgan.

YHXXning qayd etishicha, Farg‘ona, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida yo‘l-transport hodisalari soni ortgan.

YHXX tomonidan yo‘llardagi baxtsiz hodisalar, o‘lim va tan jarohati olish holatlarini kamaytirish maqsadida joriy etilayotgan yangiliklar qatorida mamlakatning har bir mahallasiga xodimlar biriktirilgani haqida ham so‘z bordi.

Avvalroq «Gazeta.uz» 2022 yilda Toshkentda 1200 ta baxtsiz hodisa qayd etilgani, bu bir yil avvalgidan (1073) ko‘proq ekanini yozgan edi. Yil davomida poytaxtda YTHlarda vafot etganlar soni 136 nafarni tashkil etdi, ulardan 17 nafari bolalar.

Infografika

йтҳ, йҳхх, сtaтистика