O‘zbekistondagi avtomobillarga benzin quyish shoxobchalarida yuzaga kelgan uzun navbatlar sun’iy taqchillik va ortib borayotgan talabni qondirish uchun ishlab chiqarish quvvatlarining yetishmasligi bilan bog‘liq. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, respublika hududida dekabr va yanvar oylarida ob-havo harorati keskin sovib ketishi hamda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar joriy etilgani sababli aholining Ai-80 avtobenziniga bo‘lgan talabi taklifga nisbatan keskin oshgan. Bugungi kunda Ai-80 rusumli benzinga bo‘lgan talab kunlik 8 ming tonnaga yetmoqda.

Bunday holatda ba’zi xususiy AYOQSHlar tomonidan avtobenzinni noqonuniy realizatsiya qilish, shoxobchalarda narxlarni sun’iy oshirish, sifatsiz benzin yonilg‘isini sotish kabi holatlar sodir etilmoqda. Xususan, birja savdolari orqali sotib olingan va belgilangan tartibda yetkazib berilgan Ai-80 rusumli avtobenzinni AYOQSHlarda sotmaslik yoki Ai-92 ko‘rinishida sotish holatlari uchramoqda, — deyiladi xabarda.

Bu esa «O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi UNG Petro MCHJ avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida yuklamaning oshishiga olib kelmoqda.

Yonilg‘i quyish shoxobchalarida mavjud kolonkalar (odatda 2−4 ta) yonilg‘i quyish bo‘yicha maksimal quvvatlarda ishlatilayotgani va ushbu quvvatlar mavjud oqimni bir vaqtda ta’minlash imkonini ta’minlamayotgani oqibatida shoxobchalarda Ai-80 markali benzin mahsuloti realizatsiya qilinishida sezilarli navbatlar yuzaga kelmoqda.

Bu holatlarning oldini olish maqsadida hozirda Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi («O‘zneftgazinspeksiya») tomonidan huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda ishchi shtab tashkil etilgan va nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Respublika iste’molchilarini uzluksiz va bir maromda avtobenzin bilan ta’minlash, narxlar keskin o‘sishining oldini olish, bozorda talab va taklif muvozanatini ta’minlash hamda ichki bozorda tanqislikni vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, ishlab chiqarish hajmlari oshirilib, kunlik o‘rtacha 4,6 ming tonna Ai-80 rusumli avtobenzin ishlab chiqarilmoqda. Shundan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 3,1 ming tonna va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 1,5 ming tonna.

Yanvar oyida birja savdolariga jami 136,5 ming tonna (o‘rtacha birja kunida 6 203 tonna) Ai-80 rusumidagi avtobenzin sotish uchun joylashtirilib, AYOQSHlar tomonidan xarid qilindi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davriga solishtirganda 44,6 ming tonnaga ko‘p hisoblanadi.

Jumladan, Ai-80 avtobenzinining birja savdolariga joylashtiriladigan hajmi oshirilmoqda. 31 yanvar kuni birja savdolariga 5550 tonna Ai-80 avtobenzin sotish uchun joylashtirildi.

Jamiyat tomonidan yaratilgan zaxira, shuningdek, ishlab chiqarilgan avtobenzin hisobidan 163,6 ming tonna (o‘rtacha kunlik 5276 tonna) va 2022 yilning mos davriga nisbatan 74,7 ming tonnaga ko‘p avtobenzin yetkazib berilishi ta’minlandi.

31 yanvar kuni «O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi neft bazalari orqali iste’molchilarga jami 6303 tonna Ai-80 avtobenzin, jumladan Toshkent shahri va viloyatiga 1466 tonna yonilg‘i tarqatildi. Biroq bugungi kundagi vujudga kelayotgan talabni ishlab chiqarish quvvatlari orqali to‘liq ta’minlash imkoniyati chegaralangan.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisi ehtiyojlarini sifatli va arzon narxlarda avtobenzin bilan ta’minlash maqsadida aksiyadorlik jamiyati tasarrufdagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulot bilan bir qatorda, tayyor mahsulot import qilinmoqda.

Xususan, yanvar oyida Rossiyadan 50 ming tonna Ai-80-K5 rusumidagi avtobenzinni import qilish bo‘yicha shartnoma tuzilib, jami 44,2 ming tonna avtobenzin yuklangan bo‘lib, hozirda respublika hududiga yetkazib kelish va ichki bozorga sotish choralari ko‘rilmoqda.

Bugungi kunda UNG Petro MCHJ tomonidan Ai-80 bo‘layotgan talab ortib borayotgani, respublika iqtisodiyoti va aholisini neft mahsulotlari bilan ta’minlashni inobatga olib, taqchillik, uzilishlar va AYOQSHlardagi navbatlarni oldini olish maqsadida «Gazprom» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Ai-80-K5 avtobenzini xarid qilinib, AYOQSHlar orqali respublika iste’molchilari uchun realizatsiya qilinmoqda.

Bundan tashqari, yanvar oyida UNG Petro MCHJ tomonidan import hisobiga qo‘shimcha 8,4 ming tonna yuqori oktanli avtobenzin yetkazib berilgan, jumladan Ai-92 — 5,6 ming tonna, Ai-95 — 2,5 ming tonna va Ai-98 — 300 tonna.

Prezidenti administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga asosan avtobenzin uzluksiz va barqaror yetkazib berilishi yuzasidan Energetika vazirligi tomonidan kunlik va soatlik nazorat o‘rnatilgan.

Avtobenzin tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan, jumladan, 1 fevral holatiga jamiyat tasarrufidagi neft bazalar va neftni qayta ishlash zavodlarida 42,1 ming tonna avtobenzin qoldiqlari mavjud, — deyiladi axborotda.

Eslatib o‘tamiz, 28 yanvardan «O‘zbekneftgaz» kompaniyasining UNG Petro AYOQSHlarida Rossiyaning AI-80 benzini sotuvi boshlangan.

3 fevral holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida 35 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyati qayta tiklangan.