31 yanvar kuni Jizzax shahrida 4 kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Sayilgoh ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida 4 nafar (2 nafar talaba — 1 nafari Sambhram universiteti 2-kurs, 1 nafari Jizzax politexnika instituti 2-kurs) shaxsning murdasi topildi. Sud-tibbiy ekspertizasining ma’lumotlarida marhumlarning o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgani qayd etildi.

Mutaxassislarning birlamchi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lgan xonadonga o‘rnatilgan isitish tizimi tabiiy gazdan foydalanish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ekani ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-kismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.