O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga (AGTKSH) besh barobar ko‘proq gaz yetkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni Namangan viloyatida tadbirkorlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb yozadi Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Qayd etilishicha, bir hafta ichida metan yonilg‘i quyish shoxobchalari kuniga hozirgi 1 million o‘rniga 5 million kubometr gaz oladi.

Umuman olganda, sanoat va xizmat ko‘rsatishni tiklash uchun respublika bo‘yicha kuniga 80 million kub metr gaz va 126 million kVt/soat elektr energiyasi yetkazib beriladi.

O‘zbekistonda 30 yanvardan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyati qayta tiklanishni boshlagandi. Gaz bosimi me’yoriga kelishiga qarab taxminan 2−3 kunda barcha metan «zapravka»lar odatdagi rejimda faoliyat yuritishni boshlashi qayd etilgan.

Energetika vazirligi anomal sovuq sababli 12 yanvardan ayrim yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirilib, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Anomal sovuq va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyati cheklangani sababli Ai-80 rusumli benzinga talab ortgan, biroq taklif hajmi yonilg‘i taqchilligi va AYOQSHlarda uzun navbatlar yuzaga kelmasligi uchun yetarli bo‘lmagan. 28 yanvardan «O‘zbekneftgaz» kompaniyasining UNG Petro AYOQSHlarida Rossiyaning AI-80 benzini sotuvi boshlangan. RFda bunday yonilg‘i tadbirkorlarning maxsus buyurtmasi bilan ishlab chiqariladi.