Britaniyaning The Economist Intelligance Unit tadqiqot tashkiloti tomonidan har yili tuziladigan Democracy Index 2022 reytingida O‘zbekiston 167 mamlakat ichida 149-o‘rinni egalladi. 2021 yilda bu mamlakat reytingda 150-pog‘onani egallab turgandi.

Reyting tashkilotchilari O‘zbekistondagi demokratiya bilan bog‘liq vaziyatni 2,12 ballga baholab, mamlakatni “avtoritar rejim"ga ega davlatlar guruhiga kiritgan.

Demokratiya besh toifada baholandi:

  • saylov jarayonining sifati va plyuralizm — 10 balldan 0,08 ball;
  • hukumat faoliyati — 1,86 ball;
  • siyosiy ishtirok — 2,78 ball;
  • siyosiy madaniyat — 5 ball;
  • fuqarolik erkinliklari — 0,88 ball.

O‘zbekistonda 2021 va 2020 yillarda ham xuddi shunday ko‘rsatkichlar qayd etilgandi.

Sharqiy Yevropa mintaqaviy reytingida O‘zbekiston 28 mamlakat orasida 25-o‘rinda. Reytingni Belarus, Tojikiston va Turkmaniston yakunlamoqda. “Mintaqada haligacha „to‘liq demokratiya“ mavjud emas: 28 mamlakatdan 16 tasi „mukammal demokratiya“ (Yevropa Ittifoqining sharqiy a’zo davlatlari va g‘arbiy Bolqon), to‘rtta „gibrid rejim“ (Armaniston, Bosniya va Gersegovina, Gruziya va Ukraina) va sakkizta „avtoritar rejim“ (Ozarbayjon, Belarus, Rossiya va Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari)”, deyiladi hisobotda.

MDH davlatlari


Umumiy ball

Dunyo reytingi

Mintaqaviy reyting

Ozarbayjon

2,87

134

23

Armaniston

5,63

82

17

Belarus

1,99

153

26

Qozog‘iston

3,08

127=

22

Qirg‘iziston

3,62

116

21

Moldova

6,23

69

15

Rossiya

2,28

146

24

Tojikiston

1,94

156=

27

Turkmaniston

1,66

161

28

O‘zbekiston

2,12

149

25

Reytingda birinchilikni bir necha yillardan beri ketma-ket Norvegiya boshqarib kelmoqda (9,81 ball). Kuchli beshlikdan, shuningdek, Yangi Zelandiya (9,61), Islandiya (9,52), Shvetsiya (9,39) va Finlyandiya (9,29) kirdi. Reytingni Shimoliy Koreya (1,08), Myanma (0,74) va Afg‘oniston (0,32) yakunladi.

Reyting mualliflari 2022 yilda dunyo aholisining 8 foizi yashaydigan 24 davlatni to‘laqonli demokratik davlatlar qatoriga kiritdi. Nomukammal demokratik davlatlar qatoriga 48 ta mamlakat kiritilgan bo‘lib, ularda sayyora aholisining 37,3 foizi yashaydi; gibrid rejimdagi 36 mamlakatda jahon aholisining 17,9 foizi, avtoritarlar qatoriga kiritilgan 59 mamlakatda esa dunyo aholisining 36,9 foizi yashaydi.