Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshqaruvchisi vazifasini vaqtincha bajarish Rustam Yusupovga yuklatildi. Bu bo‘yicha poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonovning 31-yanvar kungi farmoyishida keltirib o‘tilgan.

Rustam Abdulahatovich shu paytga qadar bosh boshqarma boshqaruvchisi (Anvar Umarov)ning birinchi o‘rinbosari vazifasidan ishlab kelayotgandi. U 1986-yil 12-noyabrda Namangan viloyati Chortoq tumanida tavallud topgan. Toshkent davlat agrar universiteti (2008) va O‘zbekiston prezidenti qoshidagi davlat boshqaruv akademiyasini (2020) tamomlagan.

2007-yildan 2020-yilgacha Yunusobod tumani Obodonlashtirish boshqarmasida faoliyat yuritgan Rustam Yusupov 2020-yil noyabr oyida shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasiga ishga o‘tgan.

Sobiq rahbar Anvar Umarov esa o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Bu o‘zgarish hokim v.b. Baxtiyor Rahmonovning 27-yanvardagi qarorida keltirib o‘tilgan. Anvar Umarovning o‘zi ushbu lavozimda 2021-yilning noyabr oyi oxiridan beri ishlab kelayotgandi (Sanjar Umatov o‘rniga tayinlagandi).

Bungacha u prezident qarori bilan aholini elektr va gaz bilan ta’minlashdagi inqiroz tufayli ishdan olingan sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning yordamchisi bo‘lib ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Rahmonov avvalroq sobiq hokimning yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan va unga eng yaqin odamlardan biri bo‘lgan Muzaffar Abdurahmonovni ishdan bo‘shatgandi.

Bundan tashqari, 23-yanvar kuni hokim ko‘chalarni, istirohat bog‘lari va maydonlarni yoritish, arxitektura yoritkichlarini ta’mirlash va rivojlantirishga mas’ul “Toshshaharnur” korxonasi rahbarini ham almashtirgan.