Nukus voqealari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Dauletmurat Tajimuratovning ukasi Rinat Tajimuratov sudda akasining himoyachisi sifatida qatnashdi. «Gazeta.uz» bilan suhbatda u sud hukmi va apellyatsiya shikoyati berish rejalari haqida gapirdi.Rinat Tajimuratov. Foto: Ma’murjon Obrahmatov / «Gazeta.uz»Rinat Tajimuratov. Foto: Ma’murjon Obrahmatov / «Gazeta.uz»
"Uni sud zalidan ozod qilishadi, deb kutgandim, chunki jinoyat tarkibi yo‘q, dalil bazasi yo‘q. Shu bois ular uni qo‘yib yuborishlari kerak edi", — dedi Rinat Tajimuratov. U sud qarori ustidan «albatta» apellyatsiya shikoyati berilishini ma’lum qildi.

Rinat Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra, akasi o‘ziga qo‘yilgan biror moddani tan olmagandi, «lekin Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi [bo‘yicha qo‘yilgan ayblov]ga (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) rozi bo‘lgandi, chunki bu modda ancha murakkab» va «bu moddani istalgan odamga ilish mumkin».

«Bu sirk bo‘lmay nima? Odil sud o‘zini shunday tutadimi axir?», — deb savol qo‘ydi Rinat Tajimuratov.

«Hukmgacha meni hamma narsa hatto 200 foizga qoniqtirayotgan edi. Chunki sudya so‘rovlarimizni to‘liq qanoatlantirdi. Bu hukm esa, albatta, adolatsiz bo‘ldi. Umuman olganda, jarayon a’lo darajada o‘tgandi», — deya izohladi u.

Jarayon boshida Rinat Tajimuratov sudya Yelubay Abibullayevning almashtirilishini so‘ragandi. Shu holat haqida eslarkan, bunga ushbu voqealargacha akasi sudya Abibullayev adolatsiz ekani haqida bir necha videomurojaat va materiallar chiqargani sabab bo‘lganini aytib o‘tdi.

«Biz boshida bu sudya [o‘sha eski gap-so‘zlarga] o‘ralashib qoladi, deb o‘ylagandik. U gina saqlaydigan odam va o‘sha videomateriallar haqida eslatadi, deb o‘ylagandik, lekin unday bo‘lmadi. Sud jarayonida esa u barcha sudlanuvchilarga nisbatan to‘liq xayrixoh ekaniga ishonch hosil qildik va, umuman olganda, akam bilan birga uning bu jarayondagi xatti-harakatlaridan qoniqish hosil qildik. Takrorlayman, hukmdan tashqari [hamma narsadan qoniqdik]», — dedi sudlanuvchining ukasi.

Rinat Tajimuratovning fikricha, sud «tashqi omillar, tashqi kuchlar ta’sirini mutlaqo isbot qila olmadi» (Qoraqalpog‘iston rahbariyati va O‘zbekiston rasmiylari Nukus voqealari yakuniga yetishi bilan shu haqda gapirgan edi — tahr.).

«Sud jarayoni davomida biz ushbu miting faqat Konstitutsiyaviy o‘zgartishlar sababli boshlanganini bir necha bor yetkazishga urindik. Konstitutsiyaviy tuzumni o‘zgartirish uchun hokimiyatni egallab olish haqida hech qanday xayol ham yo‘q edi. Akamning bunday maqsadlari yo‘q edi. U sud jarayonida ham, undan avval ham prezidentni hurmat qilishini, prezidentning farmon va ko‘rsatmalari uni to‘liq qoniqtirishi haqida bir necha bor gapirgandi», — deya ta’kidladi u.

«Ayblov tomoni ushbu jarayonni o‘zining bilimi (kompetentligi) nuqtai nazaridan to‘liq yutqazdi. Chunki sudning boshida ular ayblov xulosasini o‘qib berishdi, bir qator shunday noaniqliklarga yo‘l qo‘yishdi. Biz bunday emasligini isbotladik, bir necha bor isbotlab berdik», — deya qayd etib o‘tdi Rinat Tajimuratov.

«Shunga qaramay, muzokaralar vaqtidagi so‘ngso‘zda ular yana o‘sha ayblov xulosasini takroran o‘qib berishdi. Biz akam bilan birga ular bu ishni umuman o‘qimagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qoldik. Shunday xatolarga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa, menimcha, ular sud vaqtida haqiqiy ma’noda uxlab o‘tirgan. Bunga aql bovar qilmaydi, chunki bu ish shov-shuvli hodisa sifatida baholanayotgan edi. Bu yerda prokuratura «as»lari o‘tirishi kerak edi. Ayblov to‘liq yutqazdi. Moliyalashtirishni isbotlay olmadi, chunki bunday narsa bo‘lmagandi», — dedi u.

«Ular barcha hisob-raqamlarimizni, karta bo‘yicha barcha o‘tkazmalarni tekshirib chiqishdi. Buni ham isbotlay olishgani yo‘q. Akam, aksincha, u haqiqatan ham [gazeta] obunasi uchun ta’lim vazirligi bilan shartnoma tuzganini o‘zi isbotlab berdi. Akam o‘z tomonidan shartnoma shartlarini bajarganini, shuning uchun unga pul o‘tkazib berishganini aytib turibdi. Uni bo‘lsa buning uchun 167-modda (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish — tahr.) bo‘yicha ayblashdi», — deya qo‘shimcha qildi sudlanuvchining ukasi.

«243-modda (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish — tahr.) bo‘yicha ham savollar bor. Agar 167-modda turgan bo‘lsa, unda 243-moddaning nima keragi bor yoki aksincha? Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish. E’tibor bering — jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni, deyilyapti. Demak, shuncha yil davomida akam jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan ekan-da. Agar shunday bo‘lsa, unda hukumat nega e’tibor bermagan?», — deb so‘radi u.

«Shu bois bu moddani mutlaqo uquvsizlarcha qo‘yishgan. U jinoyatchi emas-ku, u jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanmagan-ku. U o‘g‘ri yo qotil bo‘lib, so‘ng bu daromadlarini legallashtirgan bo‘lsa [boshqa gap edi]. Yo‘q, u o‘z pulini jurnalist sifatida halol ishlab topgan», — deya ma’lum qildi Rinat Tajimuratov.

Lolagul Kallixanova faqat uning o‘zi va Dauletmurat Tajimuratov ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoga loyiqligini ta’kidlagan edi. Rinat Tajimuratov u va uning akasi bu fikrga qo‘shilish-qo‘shilmasligi haqidagi savolga shunday javob berdi: «Yo‘q. Akam 5 iyul kuni tinch miting o‘tkazmoqchi edi, ammo huquqni muhofaza qiluvchilarning o‘zi bunga imkon bermadi va 1 iyul kuni bizni qonunga zid ravishda uyimizdan olib ketishdi. Xalq shu sababli ko‘tarildi va tartibsizliklar boshlanib ketdi. So‘ng ularning o‘zi yalinishdi: „Dauletmurat, odamlarning oldiga chiqib, ularni tinchlantir, iltimos“, deb. U avvaliga bosh tortayotgandi, keyin rozi bo‘ldi. Uning so‘zlaridan so‘ng taxminan 80 foiz odam uyiga tarqaldi».

«Amalda ushbu faktlar uning aybini yengillashtiruvchi holatlar sifatida xizmat qilishi kerak edi, axir 1 iyul kuni u xalq uyiga tarqalishiga erisha oldi-ku. Ular bo‘lsa [ishning] faqat qora tomoniga qarayapti», — dedi Rinat Tajimuratov.

Dauletmurat Tajimuratov. Foto: Ma’murjon Obrahmatov / «Gazeta.uz»Dauletmurat Tajimuratov. Foto: Ma’murjon Obrahmatov / «Gazeta.uz»

U sud tomonidan Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartishlar loyihasini ma’qullagan deputatlarni hamda «profilaktik suhbat bahonasi bilan bizni uydan o‘g‘irlab ketgan» kuchishlatar tuzilma vakillarini javobgarlikka tortish bo‘yicha alohida maxsus qaror chiqarilishini kutganini ta’kidladi.

«Ammo ularga nisbatan xususiy ajrim chiqarilmadi. Vaholanki, deputatlar aybdor-ku. Ular qachon javob beradi? Chunki ularning harakatsizligi va rasmiylarning harakatsizligi mana shunday qayg‘uli hodisalarga sabab bo‘ldi», — dedi u.

Dauletmurat Tajimuratov ozodlikka chiqarilganida, u o‘z ishini qilishda davom etgan bo‘lardi, deb hisoblaydi uning ukasi. «Jurnalistika — uning jonu dili. Uning jurnalist guvohnomasini tortib olishsa ham, u xoh maslahatlari bilan bo‘lsin, xoh boshqachasiga, yordam berishda davom etaveradi. U bilan bunaqasi ko‘p marta bo‘lgan. [Birinchi prezident Islom] Karimov davrida ham uni bir necha bor hech bir sababsiz qamab qo‘yishgan, isbotlay olishmagan», — dedi u.

«Adashmasam, u 1997 yili yuridik [institut]ga o‘qishga kirgan. Ikkinchi kursdan boshlab u yurisprudensiyaga faol qiziqqan va mana shunday natijalarga erishgan», — deya qo‘shimcha qildi Rinat Tajimuratov.

U, shuningdek, sudya Dauletmurat Tajimuratovning tergov vaqtidagi qiynoqlar va uning tanishlari o‘ldirilishi bo‘yicha bergan arizasi yuzasidan ham xususiy ajrim chiqarmaganini eslatib o‘tdi. «U [Qoraqalpog‘iston] IIVning uchinchi qavatida ularning barini polga yotqizib qo‘yib, ustida sakrab, oyoqlari bilan tepishganini aytib bergandi».

«1 iyul kuni, go‘yoki profilaktik suhbat doirasida ushlashgan vaqti, bizga tegishmagan edi, lekin Dauletmuratni obdon „qayta ishlashgan“ edi. Biz uni uyda yechintirib ko‘rgandik, hammayog‘i momataloq bo‘lib ko‘karib ketgandi», — dedi u.

«Ushlash vaqtida Ruslan Ibragimov (uning o‘limi haqida xabar berilgan, bu borada rasmiy axborot berilmagan — tahr.) va Artur Tlegenov uning yonida bo‘lgan. U yashiringan vaqti Ruslannikida tunab qolgan. Bular uning yaqin o‘rtoqlari edi, necha yildan beri do‘st edi. Madiyor O‘razboyev (u ham qo‘lga olingach vafot etgani haqida xabar tarqalgan — tahr.) tadbirkor, qo‘li ochiq odam edi. O‘z hisobidan bir necha masjid qurdirgan, yordam bergan edi. Artur — ishsiz, uning do‘sti. Arturning oyog‘ini sindirishgan. Ibragimov o‘ldi. Afsuski, Madiyor ham o‘ldi», — deya ma’lum qildi Rinat Tajimuratov.

«Sudya bu ishlar alohida yurituvga olinganini aytdi. Ammo, menimcha, bu ishni yopishadi, chunki hamma qarindoshlar va yaqinlar hech qanday da’volari yo‘qligi haqida arizalar yozib berishgan. Davlat ekspertlari videolarni, o‘qlarni o‘rgandi… 18 yo 21 kishi o‘ldi-ku. Ularni kim o‘ldirdi, qaysi xodim qayerga otgan? U yerda qayerga otishgani bo‘yicha faktlar bor-ku, boshiga ham, ko‘kragiga ham, vaholanki, qonun bo‘yicha bu[nday otish] mumkin emas. Avvaliga havoga o‘q otish kerak, so‘ng tananing pastki qismiga, masalan, oyoqqa qarab otish mumkin», — deya davom etdi u.

Bir qator odamlarning boshi va ko‘kragiga o‘q uzilishi oqibatida halok bo‘lgani haqida ish materiallarida yozilgan, fotosuratlar, sud-tibbiyot ekspertlarining xulosalari bor, deydi akasining himoyachisi sifatida ish materiallari bilan tanishib chiqqan Rinat Tajimuratov. «Men ishni o‘rganib chiqdim-ku», — dedi u o‘lim holatlari haqida qayerdan bilasiz mazmunida berilgan savolga javob berarkan.

«Men nimani bilmoqchiman? Ekspertlar ballistik ekspertiza o‘tkazib, buni kim qilganini ishda ko‘rsatib, belgilab berishlari kerak», — dedi u.

Nukus voqealarini o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasining faoliyati bo‘yicha izoh berarkan, Rinat Tajimuratov shunday dedi: «Ular kimlargadir yordam berdi. Bir necha kishini ularning kafilligi ostida ozodlikka chiqarishdi. Ularni qo‘yib yuborishganidan va sudlanuvchilar sonini shunchalik kamaytirishganidan juda xursandman. Juda ham. Lekin umuman olganda bizga, mening akamga ulardan bir tiyinlik ham, bir gramm ham yordam bo‘lgani yo‘q».

Apellyatsiya haqida gapirarkan, Rinat Tajimuratov shunday dedi: «Tergov izolyatoriga kirishim borgan sari qiyinlashib boryapti. Ular har xil byurokratik to‘siqlar qo‘yyapti. Hozir „maslahat“ bo‘lyapti, deyishyapti. Kecha sud jarayoni tugadi va endi kira olmaysan, deyishdi. Nega kira olmas ekanman, deb so‘radim. Hali apellyatsiya ham bor. Men u bilan apellyatsiya tafsilotlarini muhokama qilishim kerak. Bir safar men uning oldiga ularning O‘z xavfsizligi bo‘limi orqali kirishga muvaffaq bo‘ldim».

«Kelasi hafta Buxoroga borib, akam bilan ko‘rishmoqchiman. Agar to‘siqlar bo‘lsa, bu haqda siz orqali xabar bersam bo‘ladimi? Vaholanki, men ularga aytyapman: „Men sizlarga ichkariga kirishimga ruxsat beruvchi hujjatni ko‘rsatyapman. Siz esa menga kirishimni taqiqlovchi hujjatni ko‘rsating“. Ular bo‘lsa bunday hujjatni ko‘rsata olmasligini aytyapti. Amalda ular o‘z xohish-istagiga ko‘ra menga kirishga ruxsat bermayapti», — dedi himoyachi.

«Kecha suddan so‘ng men uning oldiga kirib, bir soatcha gaplashib o‘tirdim. Men undan shunday hukm bo‘lishini kutganmidingiz deb so‘radim. Yo‘q dedi, „meni qo‘yib yuborishlari kerak edi“, dedi… Hozircha biz jazo qayerda — Buxorodami yo Qoraqalpog‘istonda — o‘talishi haqida o‘ylamayapmiz. Hali oldinda apellyatsiya bor. Qolganini keyin ko‘ramiz», — deya xulosa qildi Rinat Tajimuratov.