AQSh elchixonasi Qoraqalpog‘istondagi voqealar ishi bo‘yicha 22 ayblanuvchi ustidan o‘tkazilgan sud jarayoni natijalari bo‘yicha bayonot berdi.

«Iyul oyida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan fojiali voqealar bilan bog‘liq harakatlarda ayblangan 22 kishiga oid sud o‘z nihoyasiga yetar ekan, AQSh elchixonasi hukumatni jamoatchilik shaffofligi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga va O‘zbekiston qonunchiligini buzgan har qanday xavfsizlik kuchlari xodimlarini javobgarlikka tortishga chaqirishda davom etadi», — deyiladi bayonotda.

Qo‘shma Shtatlar noyabrda — sud jarayoni boshlanishidan avval ham xuddi shunday bayonot bilan chiqqan edi.

Dekabr o‘rtasida Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha tuzilgan Mustaqil parlament komissiyasi so‘rovidan so‘ng O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Qoraqalpog‘istondagi 1−2 iyul kuni yuz bergan voqealar vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan namoyishchilarga qarshi qurol qo‘llanilgani holati bo‘yicha alohida jinoyat ishi ochilgani haqida ma’lum qildi.

Avvalroq Human Rights Watch xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti ham O‘zbekistonni Nukus voqealarida bo‘lgani kabi o‘lim va og‘ir jarohatlarning oldini olish maqsadida olomonni nazorat qilish uchun shovqin va tutun chiqaruvchi granatalar qo‘llanish tartibini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga va ularni IIO xodimlari jihozlari qatoridan chetlashtirishga chaqirgan edi.