Toshkent hokimligi huzuridagi shaharda budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar qurilishiga buyurtmachi sifatida faoliyat yurituvchi «Yagona buyurtmachi xizmati» davlat unitar korxonasi rahbari o‘zgardi. Toshkent shahar hokimi v. b. Baxtiyor Rahmonovning 25 yanvardagi qarorida bu haqda so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, Rahmatullaxo‘ja Usmonovich Kuchkarov o‘z xohishiga ko‘ra korxona rahbari lavozimini tark etgan. Uning o‘rnini avval ham «Yagona buyurtmachi xizmati»ga rahbarlik qilgan Sobirjon Shamsidinovich Oripov egalladi. U, jumladan, 2014 yil hamda 2019−2020 yillarda DUK rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2021 yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Zomin turistik dam olish zonasi direksiyasi» davlat unitar korxonasi direktori lavozimiga tayinlandi. O‘sha yil oxirida ikki hafta davomida Toshkentning Yunusobod tumani hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ham ishlashga ulgurgan.

Avvalroq Baxtiyor Rahmonov Jahongir Ortiqxo‘jayevning yordamchisi bo‘lgan Muzaffar Abdurahmonovni ham lavozimidan ozod qilgan edi.

23 yanvar kuni hokim poytaxt ko‘chalari, istirohat bog‘lari va maydonlarini yoritish, arxitektura yoritgichlarini ta’mirlash va rivojlantirishga mas’ul «Toshshaharnur» korxonasi rahbarini ham almashtirgandi. Umidbek Rajabov o‘rniga avval «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» bosh direktori lavozimida vaqtincha faoliyat ko‘rsatgan, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida ishlagan Shomansur Ahmedov tayinlandi.