Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi AI-80 markali benzinini boshqa,yuqoriroq markali benzin deb sotish hamda kam quyib berish holatlari aniqlanganini ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, turli hududlarida xususiy korxonalarga qarashli 23 ta yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilayotgan yonilg‘i sifatini aniqlash maqsadida nazorat xaridlari o‘tkazildi. Shuningdek, belgilangan hajmdan kam hajmlarda benzin mahsulotini quyib berish holatlari ham o‘rganildi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzinni AI-91 yoki AI-92 markasi ostida sotish holatlari aniqlangan. Yetkazilgan zarar miqdori qariyb 489 million so‘mni tashkil etdi. Ayni paytda Qo‘mita tomonidan iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash va qayta hisob-kitob qilish ishlari olib borilmoqda.

Qo‘mita ayrim qoidabuzarlar nomini tilga oldi: uchta AYOQSH Samarqand viloyatida (Triada Ekspress Servis, Turop Godir, Muxammad Neft Oil) va to‘rtta Sirdaryo viloyatida (Said AGSM Tex Servis, Bekzod-5″, Murod Maqsad Trans, Lux-Petrol).

Shuningdek, qo‘mita tomonidan birja auktsionlarida xarid qilingan va yonilg‘i quyish shoxobchalari orqali sotilayotgan AI-80 markali benzin sotilishini tizimli o‘rganib chiqilayotganini ham alohida ta’kidladi.

Shu tariqa, yil boshidan buyon birja savdolari orqali o‘rtacha 20 tonna, jami 5,2 ming tonna neft mahsulotlari xarid qilinganiga qaramay, 241 ta yonilg‘i quyish shoxobchasida iste’molchilarga benzin sotilmagani aniqlangan. Ya’ni sun’iy ajiotaj holati vujudga keltirilmoqda. O‘rganishlar natijalari bo‘yicha materiallar zarur choralar ko‘rilishi uchun Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim etildi.

23 yanvar kuni Energetika vazirligi yil boshidan buyon 109 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasida turli qonunbuzarliklar (narxlarni asossiz oshirib yuborish, kamomad, sifatsiz mahsulot sotish, to‘ldirish va boshqa holatlar) aniqlangani, shu sababli kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ularning birja savdolarida ishtirok etishi cheklangani haqida xabar bergan edi.