Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 19 yanvar kuni 3 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, deb xabar berdi shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, soat 18:00 da tumanning Shota Rustaveli ko‘chasida Malibu, Spark va Nexia-3 avtomashinalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.

YTH oqibatida Spark hamda Malibu haydovchilari jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi 17 yanvar kuni Toshkentning Kichik halqa yo‘li ichidagi hududlarda transportlarning harakat tezligini 70 kilometrdan 60 kilometrgacha pasaytirishga oid qarorni qabul qilgan.