Olmaota viloyati Yesik shahrida 18 yanvar kuni novvoyxona gaz portlashi oqibatida vayron bo‘ldi, ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi jarohatlandi, deb yozmoqda Sputnik Qozog‘iston.

Ma’lum qilinishicha, voqea tunda sodir bo‘lgan, novvoyxona omborida gaz balloni portlagan. Tom va devor qulab tushib, yong‘in kelib chiqqan.

Olmaota viloyati Favqulodda vaziyatlar departamenti xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning ikki fuqarosi qo‘l va oyoqlarining 2-darajali kuyish jarohatlari bilan voqea joyidan shifoxonaga yetkazilgan, — deyiladi nashr ma’lumotida.

Avvalroq Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mikroavtobus YTHga uchrab, ularning ikki nafari vafot etgani, uch nafari shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgan edi.

Ammo FVVning yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, sodir bo‘lgan YTHda halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagan. Oqsuv-Ayuli kasalxonasida jarohatlangan besh nafar o‘zbekistonlik davolangan.