Toshkent shahri hokimligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga prezidentning «Toshkent shahrida transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yo‘l harakatini raqamli boshqarish tizimini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori joylashtirildi.

Loyihada 2025 yilda shahardagi chorrahalar va avtomobil yo‘llaridan o‘tayotgan transport vositalari harakatini markazlashgan tarzda samarali boshqarish va taqsimlash tizimini yaratish orqali ko‘cha-yo‘l tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshirish, tirbandliklar yuzaga kelishining oldini olish hamda ularning sonini keskin kamaytirish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari,

  • avtomobil yo‘llari infratuzilmasini takomillashtirishda jamoat transporti harakati ustunligini ta’minlash orqali jamoat transportining jozibadorligini oshirish va shahar markazida harakatlanayotgan yengil avtotransport vositalarining sonini 20 foizgacha qisqartirish;
  • tartibga solingan yo‘l bo‘yi pulli avtomobil to‘xtash joylari tizimini tashkil etish orqali pulli avtomobillar to‘xtash joylari sonini ko‘paytirish va bevosita shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanish darajasini kamaytirish;
  • chorrahalar geometrik parametrlarini o‘zgartirish yo‘li bilan avtotransport vositalarining o‘tkazuvchanligini 15 foizga oshirish, avtotransport vositalaridan atrof tabiiy muhitga yetkazilayotgan zararlar miqdorini 35 foizgacha kamaytirish;
  • yo‘l o‘tkazgichlar va chorrahalarni loyihalash va qurishda zamonaviy texnologiyalarini tatbiq etish orqali transport tizimida Big Data, Artificial intelligence, Machine Learning texnologiyalari va algoritmlarini tatbiq etish, raqamlashtirish ko‘rsatkichini 90−95 foizga ko‘tarish;
  • avtotransport vositalari og‘irligi va gabariti nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalari tizimini yaratish orqali shahar avtomobil yo‘llari bo‘ylab yuk tashish faoliyatini tartibga solish;
  • ushbu sohadagi har qanday qoidabuzarlik uchun jazo muqarrarligini ta’minlovchi samarali tizimni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, inson omilini istisno qiluvchi raqamli texnologiyalarni keng joriy etish rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, xalqaro tajribalardan kelib chiqib, shahar markaziga keladigan transport oqimlarini cheklash, ularni aylanma yo‘llarga yo‘naltirish natijasida yo‘llardagi transport harakat tezligining keskin kamayib ketishi va katta tirbandliklar hosil bo‘lishining oldi olish mumkin bo‘ladi.

Toshkent shahrida yangi yo‘l o‘tkazgichlarni qurish quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:

  • Toshkent halqa avtomobil yo‘lining shaharga kiruvchi yo‘llar bilan kesishgan joylarida qurish;
  • yo‘l o‘tkazgichlardan keyingi joylashgan chorrahalarda yuklamalarni yo‘llarning o‘tkazuvchanlik imkoniyatlari darajasining 75 foizdan ortib ketmasligini inobatga olish;
  • THAYda avtotransport vositalarining barqaror harakatlanishini ta’minlash maqsadida shaharga kiruvchi transport oqimlarini aqlli svetoforlar tizimi orqali tartibga solish bilan harakat tezligini kamaytirish, oqimni tinchlantirish;
  • shaharga kirib keladigan transport oqimini TXAY bo‘ylab qulay harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan yo‘l harakatini boshqaruv yechimlarini joriy etish.

2022 yildagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, shahardagi avtomobil transporti vositalari soni 711 mingtani tashkil etdi. Toshkent shahri hududiga uning tashqarisidan kuniga o‘rtacha 165 mingdan ziyod avtotransport vositasi kirib-chiqishi kuzatilmoqda.

Ma’lumot uchun, shaharning markaziy qismidagi Amir Temur-Navoiy ko‘chalari chorrahasidan bir kunda 100 mingtagacha transport vositasi o‘tgani kuzatilgan.

2021 yilgi o‘quv yilining birinchi kunida Toshkent ko‘chalarida uzundan-uzoq tirbandliklar kuzatilgan. O‘shanda poytaxt Transport boshqarmasi bunga yengil avtomobil va taksilar sonining oshgani sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Bu holat avtobus va yo‘nalishli taksilar harakatiga ham ta’sir qilgani ko‘rsatilgan.

2022 yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev avtomashinada Toshkent bo‘ylab bir yarim soat yurib, juda ko‘p qoidabuzarliklarga guvoh bo‘lganini aytgandi. «Xohlagan odam xohlaganini qilib yuribdi. Odam qo‘rqib ham ketdi», degandi prezident.