Toshkent shahri Shayxontohur tumanida ayol o‘z farzandlari hayotini xavf ostiga qo‘yib, yo‘lning qatnov qismida surunkali ravishda tilanchilik bilan shug‘ullangani sababli onalik huquqidan mahrum etilishi haqida ogohlantirildi, deb xabar qildi Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi.

Qayd etilishicha, 12 yanvar kuni soat taxminan 18:00 da 2003 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro Sh. A. (ona) Samarqand darvoza ko‘chasi bo‘ylab yo‘lning qatnov qismida 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan birga tilanchilik bilan shug‘ullangan.

Mazkur hududda xizmat olib boruvchi IIO xodimi undan tilanchilik bilan shug‘ullanmasligini va yo‘lning qatnov qismini farzandlari bilan tark etishini talab qilganida, fuqaro Sh. A. xodim bilan gap talashib, qarshilik ko‘rsatgan.

Aniqlanishicha, Sh. A. doimiy ravishda 2 nafar voyaga yetmagan (kichigi 8 oylik) farzandidan foydalanib, ularning hayotini xavf ostiga qo‘yib, yo‘lning ushbu qismida transport vositalarining harakatlanishiga xalaqit qilib, tilanchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Mazkur huquqbuzarliklari uchun IIO xodimlari tomonidan ilgari 11 marotaba rasmiy ogohlantirilgan.

Ayol mazkur tartibbuzarlik takrorlanadigan bo‘lsa, onalik huquqidan mahrum qilish masalasi ko‘tarilishi haqida rasman ogohlantirildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidenti 2019 yilda tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzolagan.