Dushanba kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahri 8-kichik tumanidagi «Humo» mahallasida uzoq vaqtdan beri elektr yo‘qligi sababli aholi, asosan, ayollar yo‘lni to‘sib qo‘yishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda xabar va videolar paydo bo‘ldi.

Kechqurun viloyat hokimligining xabar berishicha, shahar hokimi Davron Hidoyatov tez yordam guruhi bilan birga mahallaga kelgan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videolavhada Davron Hidoyatov aholidan uzr so‘rab, anomal sovuqlar tufayli energiya iste’moli keskin oshgani, ko‘p joylarda avariyalar ro‘y berayotganini aytadi.

Videodan lavha.Videodan lavha.

Mahalladagi eski transformator ta’mirlandi. Bundan tashqari, yangi transformator ham o‘rnatildi. Shu tufayli bu mahallada elektr umuman o‘chmaydi, deb ishontirdi Chirchiq hokimi.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Mahallada yashovchi ayollar hokimdan ko‘chaga chiqishga majbur bo‘lganidan xafa bo‘lmasligini so‘rashdi.

Orqa fonda hovlidagi olov atrofida to‘plangan odamlarni ko‘rish mumkin.

«Gazeta.uz» Toshkentning bir qator tumanlarida elektr va issiqlik ta’minoti uzilgan uylarda yashovchilar ham hovlilarda o‘t yoqib isinishganini yozgan edi.