Shavkat Mirziyoyev 16 yanvar kuni aholini energiya bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. O‘z faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi. Shu paytgacha birinchi o‘rinbosar bo‘lib kelgan Baxtiyor Rahmonov hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Davlat rahbari bu holatga izoh berib o‘tdi.

«Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on „svodka“ bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim», — dedi prezident.

Yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygani ta’kidlandi. Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.

Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani oqibatida ruxsatsiz qurilgan obyektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora ko‘rilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qat’iy e’tiroz bildirildi.

Jahongir Ortiqxo‘jayevdan tashqari, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlari hokimlari ham lavozimidan ozod etilib, hokim vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tushirildi. DXX va Bosh prokuraturaga ularning faoliyatini o‘rganish topshirildi.

«Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati raisi Farhod Abdurahmonov ham lavozimidan ozod etildi. Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yuldashev shahar prokurori etib tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, Xalq deputatlari Toshkent shahar sessiyasida 2018 yil 21 dekabr kuni tashkiliy masala ko‘rilib, Shavkat Mirziyoyev shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev nomzodini shahar hokimi lavozimiga tavsiya etgan.