Yangi yilning 10 sanasidan beri butun O‘zbekiston qahraton qish sinovidan o‘tmoqda. Jumladan, energiya ta’minotida dekabrdan keyin yana inqiroz yuzaga keldi. Ilgari faqat viloyatlarda elektr energiya va gaz yetkazib berishda uzilishlar kuzatilgan bo‘lsa, bir necha yildan beri poytaxtliklarni ham ushbu muammolar qurshab olgan. Kechalari harorat -20 darajagacha tushib ketmoqda.

Ayni izg‘irin sovuq kunlarda Toshkent aholisi «svet» va gazsiz qanday kun kechirmoqda? «Gazeta.uz» Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi «Qorasuv-6» dahasi hamda Yunusobod tumani 11 dahasida yashovchi, bir necha kundan beri chirog‘i yonmayotgan aholi vakillari bilan suhbatlashdi.

Avvalroq Yunusobod tumanining 11 dahasida joylashgan 26, 27, 29, 30 uylar shanba kuni elektr energiyasidan uzilgani haqida yozgandik. Yakshanba kuni soat 17:00 lar atrofida ushbu uylardan faqat bittasi — 29 uyda «svet» yondi (Tahrirlandi: 16 yanvar soat 00:00 holatiga ko‘ra, qolgan uylarda ham elektr energiya tiklangan). Ushbu uylar 2 kundan beri isimaydi, ovqat tayyorlash esa undanda qiyinroq masala.

gaz тақчиллиги, тошкент, elektr uзилиши, энерго inqiroz

Toshkent shahri, Yunusobod tumani 11-dahadagi 27-uy. Surat 13 yanvar soat 20:40 da olingan.

«Arang yonib turgan gazda suv isitib, «baklajka»larga solib, ko‘rpa ichiga qo‘yib, jon saqlayapmiz. Bolachalarni qalin kiyintirib, ko‘rpalardan chiqarmay ushlab o‘tiribmiz. Ovqat qilishni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Kecha (shanba kuni) bu gazda boshqa ovqat pishmaydi deb, sho‘rva qilmoqchi bo‘ldik. Ishonasizmi, 6 soat deganda zo‘rg‘a pishdi», — dedi 27 uyda yashovchi suhbatdoshlardan biri.

Uning aytishicha, yakshanba kuni esa ko‘chadan ovqat olib kelib kun kechirishgan, kunduzi esa isinib olish uchun ko‘pchilik qo‘shnilari MegaPlanet savdo majmuasiga borishyapti.

Ayni shu uyda yashovchi boshqa bir ayol qishloqda yashovchilarga havasi kelayotganini aytdi: «Chunki ularda har yili [chiroq] o‘chishi odat bo‘lib qolgan. Gazniku o‘ylashmasa ham kerak. Shuning uchun qishga tayyorgarlikni yozda ko‘rib qo‘yishadi, o‘tin, ko‘mir g‘amlab, qishda yoqishadi. Bizda esa yoqishga na joy, na o‘tin bor. Eng yomoni umidvor bo‘lish ekan. 2 kundan beri ana kelar, mana kelar deb umid qilib o‘tiribmiz».

Ularning qo‘shimcha qilishicha, yakshanba kuni «Bog‘ishamol» mahallasi raisi uyma-uy yurib, aholini yana bir necha kun elektr energiyasi tiklanmasligi haqida ogohlantirib chiqqan.

«Hududiy elektr tarmoqlari» Toshkent shahar filiali 13 yanvar soat 21:52 da Sergeli hamda Yunusobod tumanlarining ayrim joylarida favqulotda avariya holati yuzaga kelganini ma’lum qilgandi. Korxona o‘shandan beri muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilayotgani haqida bir necha bor xabar tarqatdi. Bu orada uyidan issiq arigan yunusobodliklar esa HETning tuman filiali oldida to‘planib, korxona ichiga kirishga uringani va elektr energiyani tiklashni talab qilgani aks etgan videolar ham tarqaldi.

gaz тақчиллиги, тошкент, elektr uзилиши, энерго inqiroz

«Gazeta.uz» muxbiri yakshanba kuni soat 19:00 atrofida Mirzo-Ulug‘bek tumani «Qorasuv-6» dahasida ham bo‘lib, 11, 12. 13, 14 uylar oldida o‘tin yoqib, isinib turgan aholi bilan suhbatlashdi.

Ushbu Yangi Avayxon mahallasida yashovchi fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ko‘p qavatli uylarda elektr energiyasi bir necha kundan beri uzilgan. Gaz esa miltillab yonmoqda, issiqlik ta’minoti (otopleniya)dan esa darak yo‘q.

gaz тақчиллиги, тошкент, elektr uзилиши, энерго inqiroz

«Kecha (shanba kuni) 21:00 da o‘chib qoldi, shundan beri «svet»siz o‘tiribmiz. Gazni boridan yo‘g‘i yaxshi, miltillab nomiga yonib turibdi. Bolalarni 7 qavat ko‘rpaga o‘rab tashlaganmiz. Qo‘shnilarni sog‘ligi yomonlashayapti, kecha «tez yordam» kelib olib ketganlar ham bo‘ldi», — dedi 11 uyda yashovchi fuqarolardan biri.

Boshqa bir inson esa uyi ko‘chadan ham sovuqroq ekanini aytdi. «Ko‘chada tursak unchalik sovqotmayapmiz. Shunday kunlarda shukr qilib yashashga o‘rgatayotgan mutasaddilarga „mingdan-ming rahmat!“», — dedi u.

»gaz

13 uyda esa uchinchi kun elektr enegiyasi yo‘qligi aytilmoqda. «3 kun bo‘ldi svet o‘chganiga. O‘shandan beri qorasini ko‘rsatmayapti. Gaz esa juda past yonayapti. Bolalarimizni 3 qavat ko‘rpalarga o‘rab tashladik, o‘zimiz esa bor qalin kiyimlarimizni kiyib uxlayapmiz», — dedi 13 uy aholisi vakili.

Ular shuningdek, issiqlik ta’minoti juda pastligi uchun batareyalar hattoki iliq emasligini, suv quvurlari allaqachon muzlagan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashdi. Ovqat tayyorlash masalasi esa alohida mavzu, ko‘pchilik yemakxonalardan tayyorini olib kelmoqda.

»gaz

«Yangi Avayxon» mahallasi vakillari ma’lum qilishicha, yakshanba kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» Mirzo-Ulug‘bek tuman filiali xodimlari boshqa liniya tortishga harakat qilishgan. Kechki vaqtda ham ushbu ishlar davom etayotgandi. Biroq ular chiroq aniq necha soatdan keyin yonishini ayta olishmadi, faqatgina «biz berilgan topshiriqni bajarayapmiz», deyishdi xolos.

Sizchi? Sizning uyingizda «svet» va gaz bormi? Yo‘q bo‘lsa uyingizni qanday isitayapsiz? Javobni aniq manzilni ko‘rsatgan holda izohlarda yozib qoldiring.