1−2 iyul kunlari Nukusda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan 28 noyabrda boshlangan sudda tergov jarayoni yakunlandi. «Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, shundan so‘ng muzokaralar boshlanib, davlat ayblovchisi suddan gumondorlarga ma’lum jazolarni, shu jumladan, jurnalist Lolagul Kallixanovaga 11 yil qamoq jazosini berishni so‘radi.

Advokatlar chiqishidan keyin sudlanuvchilarga ham himoya uchun so‘z berildi. Makan.uz internet-nashri ma’muri Lolagul Kallixanova qilgan qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligi, so‘nggi «o‘ylamay qilgan» videomurojaati, Makan.uz sayti orqali chiqarilgan materiallar sabab tinch xalqni buzg‘unchilikka boshlaganini tushunib yetganini qayd etdi.

«Hurmatli sud qatnashuvchilari, qilgan qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligimni bildiraman. Men o‘zimning so‘nggi o‘ylamay qilgan videomurojaatim, Makan.uz sayti orqali chiqarilgan materiallar orqali tinch xalqni buzg‘unchilikka boshlaganimni, shuncha odamning umriga zomin bo‘lganimni, qanchadan-qancha odam qamalganini yana tergovga olib kelinganini anglab yetdim», — dedi u.

«Men O‘zbekistondan shu kungacha ozodlikda ham, hatto qamoqda yotganimda ham faqatgina g‘amxo‘rlik ko‘rdim. Hech qachon yomonlik ko‘rmadim. Tergov jarayonida ham men bilan insoniy munosabatda bo‘lishdi. Biroq, qamalayotganimda juda ko‘p yomon narsalarni kutgandim. O‘zimning fikrim yomon bo‘lgani ortidan davlatdan yomonlik kutganimdan, xalqimga zarar yetkazganimdan juda uyatliman. Tergovda xolimdan xabar olinishi bu faqat odamgarchilikning belgisidir. Shu o‘rinda bunday ishlarning amalga oshirilishiga (tergov jarayonidagi insoniy munosabatlar nazarda tutilmoqda — tahr.) boshchilik qilayotgan rahbarlarga, hurmatli prezidentimizga mingdan ming rahmat aytaman», — dedi sudlanuvchi.

Lolagul Kallixanova shuningdek, «bu holatlar uchun davlat rahbaridan kechirim so‘rolmayman, bunga yuzim chidamaydi» deya ta’kidladi.

«Kecha Jo‘qorg‘i Kenges raisi kelganda ham aytgandim, sudlanuvchilar orasida 1998 yilda tug‘ilgan bola ham bor. U 25 yoshga chiqqani bilan baribir men uchun yosh boladay. Bizlarga o‘xshagan odamlarga ergashib ketgani o‘zining qat’iy bir fikri bo‘lmaganini anglatadi. U bola Toshkentda ishlab yurgan joyidan tungi soat 02:00 da qaytib kelib, hatto uyiga bormay, to‘g‘ri namoyishlarga qo‘shilib ketgan. Bu faqat bitta misol. Bunga o‘xshagan qancha misollar bor yana? Unga o‘xshagan qancha bola ketdi yana? Qanchadan-qancha oila barbod bo‘ldi», — dedi u.

лолaguл кaллихaноva, нuкuс voqealarи bo‘yicha sud, jurnalist

Lolagul Kallixanova, 2022 yil 29 noyabr. Foto: «Gazeta.uz».

«Ertalab uyidan bozorga, ishga, o‘qishga ketdim deb ketib qaytib kelmagan 19 nafar odamning o‘limi, shu voqealar sabab bir necha yuzlab odamlarning 6 oylab qamoqda o‘tirishiga men sababchi bo‘lgan bo‘lsam, men jazoga loyiqman, rosti», — dedi jurnalist.

«Misol uchun o‘sha 1998 yilda tug‘ilgan yigit ortimda o‘tiribdi. Seydabulla Medetov degan yigit Makan.uz`dan olib, nusxalab bosgan so‘zlari boshiga balo bo‘lib turibdi. 8−5 yil qamoq so‘ralyapti. Shularning barchasiga men sababchiman. Xalqning oldiga chiqib gapiradigan odam aytadigan so‘zini 7 marta emas, 70 marta o‘ylanib gapirishi kerak ekanligini endi tushinib yetyapman. Bu juda o‘kinchli holat», — deya qayd etdi ayblanuvchi.

«Sudning birinchi kunida ham bu so‘zlarimni aytgandim. Men allaqachon vijdonim oldidagi bir umrlik sudda javob berishga mahkumman. Men o‘zim himoya qilmoqchi bo‘lgan Vatanimga, xalqim boshiga shu kunlarni solganim uchun o‘zimni aybdor deb bilaman. Shuning uchun hurmatli raislik qiluvchi, siz men qilgan jinoyatga qanday jazo bersangiz ham, Jinoyat kodeksida qanday javobgarlik bo‘lsa ham roziman. Men bilan sudlanayotganlarga qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo bersangiz. Ular uchun ham [o‘zim] qamoqda o‘tirib berishga roziman», — dedi Lolagul Kallixanova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa sudlanuvchilar dastlabki tergovda Lolagul ayol kishi bo‘lgani bois tanimasligini aytishgan.

«Menimcha, ular mening ayol kishi bo‘lganim uchun meni sotmagan. Menga qarshi ko‘rsatma bermagan. Bunga yigitlik or-nomusi yo‘l qo‘ymagan. Aslida esa ularning ko‘pchiligi Makan.uz`dagi videomurojaatim sabab voqealarga aralashib qolgan», — dedi u.

Gumondor «bular sud oldida emas, balki vijdoni oldida aytmoqchi bo‘lgan so‘zlari» ekanini ta’kidladi.

«Hurmatli yoshlar har doim ota-onangizni, yaqin qarindoshlaringizni maslahatini oling. Faqat tinchlik tarafdori bo‘ling. Xalqning ishonchiga kirib yurgan bo‘lsa ham begona odamning gaplariga ishonmang. Hech qachon menga o‘xshagan odamlarning, qiz bolaning gapiga ergashmang!» — deya qayd etdi sudlanuvchi.

Uning fikricha, qamoqda o‘tirib, kimga ergashib boshimga bu savdolar tushdi, deb o‘ylaganda allaqachon kech bo‘lgan bo‘ladi.

«Sizga ota-onangizdan, tug‘ishganlaringizdan ham yaqinroq qayg‘uradigan odam yo‘q. Siz qamoqda o‘tirib ota-onangiz haqida ming qayg‘urganingiz bilan ularga hech qanday yordam berolmaysiz. Hurmatli ota-onalar farzandlaringizni Telegram, Whatsapp, Youtube`dagi akkauntlarini nazorat qilib boring. Hozir bizlar xavfli axborot kurashi asrida yashayapmiz. Birgina video farzandlaringizning, o‘zingizning umringizni ostun-ustun qilib yuborishi mumkin. Bunga misol men! Bu yerda o‘tirganlar men qilgan ishlarni qilmang. Ham so‘rarim qo‘lingizdan kelsa, meni kechiring», — deya so‘zladi Lolagul Kallixanova.

«Men hozir 244−1-modda bilan ayblanayapman, lekin mening o‘zimda separatizm bo‘lmagandi. Farzandlaringiz bizlarga o‘xshab odamlarni, qiz bolani so‘ziga ergashib ko‘chaga chiqib ketishlariga yo‘l qo‘ymang. Ular ham hayoliga keltirmagan moddalar bilan ayblanib ketishlari mumkin. Shuning uchun iltimos farzandlaringizni nazorat qilib boring doim, telefonlarini tekshirib turing, qanday video ko‘ryapti. Kecha ko‘rdim 2001 yil yo 2002 yilda [tug‘ilgan], Moskvada o‘qiydigan bola hatto «Alg‘a Qaraqalpaqstan»ga qo‘shilib, [ularning] ichida o‘tiribdi. Agar shu videoni ko‘rib turgan bo‘lsangiz, yana bir marotaba kechirim so‘rayman», — dedi u.

«Hudo haqqi, men 5 iyulda bo‘ladigan bo‘lsa, [Dauletmurat Tajimuratov Konstitutsiyani o‘zgartirishga qarshi] imzo yig‘sa kerak, deb o‘ylab, shu gaplarni aytgandim. Lekin tosh ko‘tarib ko‘chaga chiqib ketadi, deb o‘ylamagandim. Qo‘lingizdan kelsa kechiringlar, aslida odam o‘limiga olib keladigan holatlar bo‘lishini bilmagandim. Bilganimda hech qachon unday narsani oqlab chiqmas edim. So‘nggi so‘zim shundan iboratki, qilgan jinoyatim DXXda o‘tirganimda bo‘ynimga qo‘yib berildi, shuning uchun men qanday jazoga munosib bo‘lsam men shu jazoni olishga tayyorman», — deya so‘ziga yakun yasadi Kallixanova.

Eslatib o‘tamiz, Lolagul Kallixanovaga Jinoyat kodeksining 28, 104-moddasi 3-qismi «a» bandi (ishtirokchilikda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 159-moddasi 4-qismi (O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-moddasi 3-qismi (ommaviy tartibsizliklar) va 244−1-moddasi 3-qismi «a», «b», «g» bandlari (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan; prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u Qoraqalpog‘istonning amaldagi hukumatini ag‘darib tashlab, hududda hokimiyatni egallash maqsadida uyushgan guruh tashkil etishda ayblanayotgan Dauletmurat Tajimuratovning «guruhi bilan birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan».

Kallixanova 1 iyul kuni Toshkentda faoliyat yuritib, Makan.uz Telegram-kanali orqali so‘nggi videomurojaatini e’lon qilgach, yo‘qolib qolgandi. Dastlab xorijiy manbalarda uning vafot etgan haqida ham xabarlar tarqaldi, ammo bu gap-so‘zlar tezda rad etildi. 8 iyul kuni Bosh prokuratura uning «harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari» aniqlangani, u shu bois «gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangani»ni ma’lum qildi.

Jurnalist o‘sha videomurojaatida qoraqalpog‘istonliklarni, jumladan, O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishga chaqirgan edi. «Bor bilim va tajribangizni ishga solib, O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishga harakat qiling. Mening sizlardan so‘raydiganim, sizlardan o‘tinchim shu», — degandi u. Sudda bergan ko‘rsatmasida Lolagul Kallixanova nima uchun bunday videomurojaat qoldirganini tushuntirib bergandi.

Sud o‘z ishini yana davom ettirmoqda. Jarayonni «Gazeta.uz»ning YouTube`dagi kanali orqali jonli efirda kuzatib borish mumkin.