12 yanvar kuni Turkmaniston «Daryoliq» stansiyasi orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz eksportini to‘xtatdi. «Gazeta.uz»ga ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni «Turkmangaz» davlat konsernidan unga qarashli gaz ishlab chiqarish korxonalaridagi muammolar va «Daryoliq» orqali gaz ta’minoti to‘xtatilgani haqida telefonogramma kelib tushgan.

Turli manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, gaz ta’minoti to‘xtatilishiga «Galkanish» gaz kondensati koni ichidagi kommunikatsiyalarida gidrat hosil bo‘lishi sabab bo‘lgan. Bu kuchli sovuqlarda sodir bo‘ladi va fors-major hodisadir, deb tushuntirdi mutaxassislar.

O‘zbekistonga gaz yetkazib berishning to‘xtatilishi bilan bir qatorda Turkmaniston yuzaga kelgan muammolar tufayli Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy gaz quvuriga tabiiy gaz yetkazib berishni sezilarli darajada qisqartirishga majbur bo‘ldi.

O‘zbekistonda gaz iste’molini vaqtincha tejash rejimi joriy etildi. Ikki davlat mutaxassislari texnik nosozliklarni bartaraf etish ustida ish olib bormoqda. Turkmanistondan gaz yetkazib berish yaqin vaqt ichida tiklanishi kutilmoqda, deya xabar beradi manbalar.

Dekabr oyida O‘zbekiston birinchi marta Turkmaniston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, uchinchi tomon ishtirokisiz qisqa muddatli gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Turkmaniston tomoni O‘zbekiston bilan uzoq muddatli, to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaz yetkazib berish sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishga qat’iy intilishini ma’lum qildi.

14 yanvar, shanba kuni prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov muzokaralar uchun Ashxobodga borgani aytilmoqda.

Rossiya bilan muzokara

Noyabr oyi oxirida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga uch tomonlama gaz ittifoqini tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgandi. Rossiya tomoni bu taklif siyosiy shartlar evaziga gaz yetkazib berishni nazarda tutmasligini, gap tijoriy manfaatlarni muvofiqlashtirish haqida ketayotganini bildirdi.

«Gazeta.uz»ga turli manbalardan ma’lum bo‘lishicha, bu masala rossiyalik hamkorlar bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar chog‘ida muhokama qilingan.

Dastlab, Rossiya tomoni Rossiyada ishlab chiqarilgan tabiiy gazni teskari tartibda, Qozog‘iston orqali «Markaziy Osiyo — Markaz» (CAC) quvuri orqali yetkazib berishni taklif qilgan.

Rossiya tomonining asosiy sharti O‘zbekiston gaz uzatish tizimini bozor qiymati bo‘yicha «Gazprom» tasarrufiga o‘tkazish edi. Bunday talablar ushbu shartlarga rozi bo‘lmagan «Qazaqgaz» milliy kompaniyasiga ham qo‘yilgan.

Rossiya tomoni ilgari surgan ikkinchi shart Xitoyga gaz eksport qilish huquqidan voz kechish edi. Ya’ni, «Gazprom» shartnomada O‘zbekistonning «UzGasTrade» kompaniyasi o‘rniga bo‘lishni taklif qilgan.

Dekabr oyida o‘tkazilgan ikki tomonlama muzokaralar natijasida Rossiya tomoni qo‘ygan shartlar rad etildi.

Gaz ta’minotining texnik imkoniyatlarini baholash bo‘yicha bir qator qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Biroq, zarur ishlarning ko‘lami katta miqdordagi mablag‘larni safarbar qilishni talab qiladi. Shu munosabat bilan, ta’minotni tashkil qilishning amaliy imkoniyati dargumon, deydi manbalar.

O‘zbekistondagi kompressor stansiyalarida jiddiy avariyalar mavjud emas

9 dekabr kuni aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini kuz-qish mavsumida energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha respublika shtabining yig‘ilishida Sardor Umurzoqov «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 37 ta gaz nasos agregatidan 21 tasini ta’mirlash zarurligi haqida gapirgandi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov va «O‘ztransgaz» rahbari Behzod Narmatovga «barcha agregatlarni zudlik bilan ishga tushirish» topshirilgandi.

Sohadagi manbalarga ko‘ra, shtab topshirig‘iga ko‘ra, jalb qilingan kompressor stansiyalari to‘liq o‘rganilgan. Natijada zarur ehtiyot qismlar va mablag‘ yetishmasligi sababli ta’mirlash jadvalidan kechikishlar aniqlangan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ta’mirlash ishlari tashkil etilib, zarur mablag‘ ajratilgan.

O‘shandan buyon Gazli, Zirabuloq, Yangiyer, Ohangaron, G‘allaorol va Muborak kompressor stansiyalarida 13 ta agregat ta’mirlandi. 14 yanvar holatiga ko‘ra, «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining kompressor stansiyalarida yana 8 ta gaz nasos agregati ta’mirga muhtoj, ular ta’mirlanmoqda.

Ta’mirlash tufayli gaz uzatish tizimining talab qilinadigan ish rejimi to‘liq ta’minlandi va zarur hollarda ishga tushirilishi mumkin bo‘lgan gaz kompressor agregatlarining qo‘shimcha zaxirasi yaratildi. 13 yanvar holatiga ko‘ra, kompressor stansiyalarida jiddiy avariyalar kuzatilmagan.