2022 yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish darajasi 5,7 foizga yetdi. Bu haqda Jahon bankining «Jahon iqtisodiy istiqbollari» choraklik hisobotida so‘z boradi.

«2023 yilda Rossiyadagi retsessiya va Xitoydagi o‘sishning sustligi Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi iqtisodiy faollik darajasiga salbiy ta’sir qiladi», — deyiladi hisobotda.

Jahon banki prognoziga ko‘ra, mintaqa iqtisodiyotining o‘sishi 3,9 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot 4,9 foizga, Qozog‘istonda 3,5 foizga, Qirg‘izistonda 3,5 foizga, Tojikistonda 5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktabr oyida Jahon banki O‘zbekistonda 2022 yilda YAIM o‘sishi prognozini 4,3 foizdan 5,3 foizga ko‘targan, biroq 2023 yil uchun 5,3 foizdan 4,9 foizga tushirgan edi.

Yevropa va Markaziy Osiyo

Jahon banki ekspertlarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) mintaqasida iqtisodiy o‘sish sur’ati keskin pasayib, 0,2 foizga yetgan. Bu Rossiya iqtisodiyotining qisqarishi va Ukrainadagi chuqur tanazzulni aks ettiradi. Bu ikki davlatni hisobga olmaganda, mazkur mintaqadagi o‘sish 2022 yilda deyarli ikki baravarga qisqarib, 4,2 foizga yetdi va butun mintaqa bo‘ylab o‘sish sekinlashdi.

YeMO mintaqasidagi iqtisodiy tanazzul dastlab o‘ylanganidan kamroq jiddiy bo‘lib chiqdi. 2022 -yilda mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish hajmi kamaymadi, balki juda oz miqdorda oshdi.

Qayd etilishicha, 2022 yilda ko‘plab mamlakatlar uchun prognozlarga yevrohududda yilning birinchi yarmida o‘sish kutilgandan ko‘ra yuqoriroq bo‘lgani, shuningdek, hukumatlar tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlarini oziq-ovqat va energiya resurslari narxlarining keskin oshishidan himoya qilishga yordam bergan qo‘shimcha chora-tadbirlar samarasi o‘laroq o‘zgartishlar kiritilgan.

Biroq 2022 yildagi ijobiy dinamika YeMO mintaqasida notekis tarzda namoyon bo‘ldi, deyiladi hisobotda. Rossiyadan kapital va migrantlarning keskin chiqib ketishi, shuningdek, ayrim savdo va moliyaviy oqimlarning ehtimoliy yo‘nalishini o‘zgartirish bir qator iqtisodiyotlarda, ayniqsa Janubiy Kavkaz mamlakatlarida ichki talab va xizmatlar eksportining o‘sishiga yordam berdi.

«Energiya narxlarining oshishi iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatladi va energiya eksport qiluvchi mamlakatlarda davlat budjetini yaxshiladi. Shu bilan birga, boshqa iqtisodiyotlarda 2022 yil uchun prognozlar biroz yuqoriga qarab o‘zgartirildi, bu Ukrainaga bostirib kirishning jiddiy oqibatlari bilan bog‘liq», — deya ta’kidladi ekspertlar.

2022 yilda KMO mamlakatlarida o‘rtacha iste’mol inflyatsiyasi keskin o‘sdi, bu 1998 yildan buyon har qanday yilga qaraganda ancha yuqori, chunki ko‘plab mamlakatlarda tovar narxlari (ayniqsa, energiya va oziq-ovqat) ko‘tarildi va valyutalar zaiflashdi.

Hisobotda aytilishicha, yuqori energiya va oziq-ovqat narxlari, ayniqsa, eng kambag‘al uy xo‘jaliklarining daromadlarini oshirmoqda. Butun mintaqada inflyatsiya markaziy bank ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori bo‘lib qoldi.

2023 yilda YeMO mintaqasida mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish deyarli o‘zgarishsiz qolishi hamda atigi 0,1% o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Yaqin muddatli prognozlarning yomonlashuvi, asosan, Yevropa Ittifoqiga Rossiyadan energiya yetkazib berishning to‘xtatilishi ta’sirini, shuningdek, yevrohudud mamlakatlarida ko‘rilgan qo‘shimcha pul-kredit qat’iylashtirish choralarini aks ettiradi. Ushbu hodisalar tabiiy gaz narxining oshishi hamda ularning tovar va xizmatlariga tashqi talabning zaiflashishi natijasida YeMO mintaqasi iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Markaziy banklar maqsadli inflyatsiya bilan kurashayotgani sababli mintaqadagi iqtisodiy faollik ham qattiqroq kredit shartlari tufayli zaif bo‘lib qolishi prognoz qilinmoqda. 2023 yilga mo‘ljallangan mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish pandemiyadan oldingi darajadan 5,7 foizga past bo‘ladi.

Ukrainada 2023 yilda o‘sish biroz tiklanadi, agar urush yana kuchaymasa, 3,3 foizni tashkil etadi.

YeMO mintaqasidagi asosiy iqtisodiy o‘sish prognozi uchun xavflar past darajada. Birinchi navbatda Ukrainadagi urush dastlabki prognozdan uzoqroq yoki shiddatli bo‘lsa, u nafaqat insonparvarlik xarajatlarini keltirib chiqarishi, balki iqtisodiy va atrof-muhitga katta zarar yetkazishi va xalqaro savdo va xalqaro investitsiyalarning parchalanishi xavfini oshirishi mumkin, deb hisoblaydi JB ekspertlari.

Savdo yo‘llaridagi o‘zgarishlar Ukrainaga bostirib kirishning salbiy oqibatlarini qisman yumshatishi va ushbu mintaqadagi bir qator mamlakatlarda joriy hisoblar holatini biroz yaxshilashi mumkin, deya qayd etdi Jahon banki.

Agar energiya inqirozi chuqurlashib, Yevrohudud mamlakatlarida iqtisodiy vaziyatning yomonlashishiga yoki Rossiyada keskin iqtisodiy tanazzulga olib keladigan bo‘lsa, 2023 yilda YeMO mintaqasida tovar va xizmatlar ishlab chiqarishning pasayishi kuzatilishi mumkin, deb hisoblaydi ekspertlar.

Jahon bozorlarida kredit shartlarining keskinlashuvi va oxirgi paytlarda dollar kursining umumiy mustahkamlanishi yuzaga kelmoqda.

Hisobotda aytilishicha, YeMO mintaqasida, ayniqsa, qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda moliyaviy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘diradi.

Qarzning pandemiya va urush tufayli o‘sishi, jahon bozorlarida kredit shartlarining keskinlashuvi fiskal maydonning keskin qisqarishiga hamda qarzning zaifligini, shu jumladan davlat qarzlarini qayta moliyalashtirish va valyuta balansining buzilishiga olib keldi, deb ta’kidladi Jahon banki tahlilchilari.

Dunyoda

Iqtisodiy vaziyatning o‘zgaruvchanligini hisobga olgan holda, har qanday yangi salbiy omilning paydo bo‘lishi, masalan, inflyatsiyaning kutilganidan yuqori tezlashishi, uni ushlab turish uchun foiz stavkalarining keskin oshishi, KOVID-19 pandemiyasining yangi to‘lqini yoki geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, Jahon bankiga ko‘ra, global iqtisodiyotni turg‘unlikka olib kelishi mumkin.

«Bu 80 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta bir o‘n yil ichida ikkita global retsessiya sodir bo‘lishini anglatadi», deyiladi hisobotda.

Prognozlarga ko‘ra, 2023 yilda jahon iqtisodiyoti 1,7 foizga, 2024 yilda esa 2,7 foizga o‘sadi. Iqtisodiy o‘sishning keskin sekinlashuvi keng tarqalgan bo‘lib, 2023 yilga bo‘lgan prognozni pastga qarab qayta ko‘rib chiqish ilg‘or iqtisodiyotlarning 95 foiziga hamda rivojlanayotgan bozor va rivojlanayotgan iqtisodiyotlarning qariyb 70 foiziga ta’sir qilishi kutilmoqda.

Kelgusi ikki yil ichida rivojlanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlarda aholi jon boshiga daromadning o‘sishi o‘rtacha 2,8 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda, bu 2010−2019 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir foizga past. Dunyodagi eng kambag‘al odamlarning qariyb 60 foizini tashkil etuvchi Afrika Sahroi Kabirida 2023−2024 yillarda aholi jon boshiga o‘rtacha daromad o‘sish sur’ati atigi 1,2 foizni tashkil etishi kutilmoqda, ya’ni qashshoqlik darajasi pasayish emas, balki oshishi ehtimoli yuqori.

«Iqtisodiy o‘sishning pastligi va korxonalarga investitsiyalar yetishmasligi ta’lim, sog‘liqni saqlash, qashshoqlikni bartaraf etish va infratuzilmani rivojlantirishdagi shusiz ham murakkab vaziyatni, shuningdek, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘sib borayotgan muammolarni yanada kuchaytiradi», — dedi Jahon banki Devid Malpass.

Rivojlangan mamlakatlarda o‘sish 2022 yildagi 2,5 foizdan 2023 yilda 0,5 foizgacha sekinlashishi prognoz qilinmoqda. So‘nggi yigirma yil ichida o‘sishning xuddi shunday sekinlashishi global retsessiyadan oldin sodir bo‘ldi.

AQShda o‘sish 2023 yilda 0,5 foizgacha sekinlashishi prognoz qilinmoqda, bu avvalroq prognoz qilinganidan 1,9 foizga past va retsessiya davrlarini hisobga olmaganda, 1970 yildan beri eng past darajadir.

Yevrohududda 2023 yilda nol iqtisodiy o‘sish kutilmoqda, bu avvalgi prognozlardan 1,9 foizga past.

Xitoyda esa 2023 yilda o‘sish 4,3 foizni tashkil etadi, bu prognozdan 0,9 foizga past.

Yuqori inflyatsiya, valyuta kursining qadrsizlanishi, kredit shartlarining qattiqlashishi va boshqa cheklovchi omillar tufayli tashqi talabning sezilarli darajada zaiflashishi, Xitoyni hisobga olmaganda, rivojlanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘sish sur’ati 2022 yildagi 3,8 foizdan 2023 yilda 2,7 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.

2024 yil oxiriga kelib rivojlanayotgan bozorlar va rivojlanayotgan mamlakatlar yalpi ichki mahsuloti pandemiyadan oldingi prognozlardan taxminan 6 foizga past bo‘ladi. Global inflyatsiya sekinlashishi kutilmoqda, ammo pandemiyadan oldingi darajadan yuqori bo‘lib qolmoqda.

2022−2024 yillarda rivojlanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlarga yalpi investitsiyalar hajmi o‘rtacha 3,5 foizga o‘sishi mumkin, bu Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, avvalgi yigirma yillikdagi o‘rtacha o‘sish sur’atlaridan ikki baravar ko‘pdir.

Hisobotda investitsiyalar o‘sishini tezlashtirish uchun hukumatlar qo‘llashi mumkin bo‘lgan yondashuvlar taklif etiladi.

«Investitsiyalar o‘sishini rag‘batlantirish bo‘yicha milliy siyosat mamlakatdagi muayyan vaziyatga moslashtirilishi kerak, ammo boshlanish nuqtasi har doim fiskal va pul-kredit siyosatining ishonchli asoslarini yaratish, shuningdek, investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishdir», — dedi Jahon banki prognoz guruhi direktori Ayxan Kose.

Iqtisodiy o‘sishning uzoq muddatli istiqbollarini yaxshilash uchun kichik davlatlar hukumatlari iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish, samarali iqtisodiy diversifikatsiyani rag‘batlantirish va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratishlari kerak, deb hisoblaydi Jahon banki.

Hisobot mualliflari jahon hamjamiyatini iqlim o‘zgarishiga moslashish va qarzlarni qoplash uchun rasmiy yordam mablag‘lari oqimini saqlab qolish orqali kichik davlatlarga yordam berishga chaqiradi.