10 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoatda ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Unda 2023 yilda sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari infratuzilmasi uchun 1,7 trillion so‘m yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, «G‘ijduvon» va «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonalari hududi kengaytiriladi. Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryoda «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining filiallari tashkil etiladi.

Mutasaddilarga:

  • 1 iyulga qadar sanoat zonalariga ajratilgan mablag‘lar hisobiga infratuzilma masalasini hal etish;
  • yil yakuniga qadar sanoat zonalarida 1 ming 264 ta loyihani ishga tushirib, qo‘shimcha 3 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarishni ta’minlash topshirildi.

Yig‘ilishda bir oy muddatda 2023 yilda sanoatni 14 foizga oshirish bo‘yicha sanoat va investitsiya dasturlarini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. Bunda:

  • Samarqandda mineral o‘g‘it, Navoiyda quruq sianid tuzi va texnik gaz ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish;
  • 1 iyunga qadar Pistali konida 6-gidrometallurgiya zavodini ishga tushirish;
  • avgust oyida «Yoshlik-1» mis koni negizida 3-misni boyitish fabrikasi loyihasini yakunlashni ta’minlash topshirildi.

Avtomobilsozlik tarmog‘ida o‘sishni ta’minlash uchun 1 sentabrga qadar:

  • xususiy investorlarni jalb qilib, Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
  • Andijonda zamonaviy quyuv sexini, Chirchiqda qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini to‘liq quvvatga chiqarish topshirildi.

Avvalroq, Farg‘onada 2022 yil yakuniga qadar elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi. Bundan tashqari, 2021 yilda Buxoro va Andijon viloyatida elektromobillar ishlab chiqarish rejalashtirilayotgani haqida xabarlar berilgandi.