Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda «Boysun tumanida vrach ayovsiz kaltaklandi» sarlavhasi ostida tarqalgan xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 9 yanvar kuni 14:30 da Boysun tumani «Kosiblar» mahallasida joylashgan Boysun tumani tibbiyot birlashmasida shifokor vazifasida ishlovchi F.J. fuqaro Sh. X. urib tan jarohati yetkazishi oqibatida yerga yiqilgan

Holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari vaqtida Sh. X., Sh.H., F.J.ga nisbatan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan va ekspertiza xulosasiga ko‘ra F.J. (shifokor)ning olgan tan jarohati yengil jarohat deb baholangan.

10 yanvar kuni tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan fuqaro Sh.H. va Sh. X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-modda 2-qismining «b» (Bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik sodir etish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi jinoyatni sodir etish uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 9 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida SSV Davolash profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Umid Risqiyev «Gazeta.uz» muxbiri savoliga javob bera turib, shifokorlarni bodikamera bilan ta’minlash masalasiga munosabat bildirgandi.

Agar bodikamera bilan himoyalanadigan bo‘lsak, ichki ishlar xodimlari bilan ham tajovuz holatlari yo‘lga tushishi kerak edi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib turibsizlar, ba’zi joylarda bodikamerasi bor YPX xodimlarini mashina «kapot»iga o‘tirgizdirib olib, sayr qildirib yurgan videolar tarqalyapti. Bu himoya bo‘la olmaydi. To‘g‘ri, tibbiyot xodimlarini kaltaklanishi juda achinarli, jamiyatimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan harakat. Yordam so‘rab yotgan bemorning oldiga kelib, yordam berishga harakat qilayotgan shifokorni urish o‘sha odamning tafakkuri ancha pastligini bildiradi», — degan Umid Risqiyev.

U tajovuz holatlarini kamaytirish uchun OAVning yordami kerakligi, zo‘ravonlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.

«15 sutkalik qamoq jazosi yoki Ma’muriy kodeksga o‘zgartirish kiritish, jarimalar miqdorini ko‘paytirish bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda Oliy Majlis tomonidan ko‘rib chiqilyapti. Bundan tashqari, sizlar (OAV vakillari) tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holati qay darajada yomonligini, bu xalqimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan jarayon ekanini qoralab yordam bersalaringiz, o‘ylaymanki, odamlarning ongi sal o‘zgaradi va tajovuzlar asta-sekin kamayadi», — deya OAV vakillariga yuzlangan SSV rasmiysi.