«Kapitalbank» rasman Uzum ekotizimining a’zosi bo‘lgani haqida e’lon qildi.

Avvalroq 28 dekabr kuni Finance TCI birja savdolarida «Kapitalbank» aksiyalarining 50 foizini sotib olgani haqida yozgan edik. Bitim qiymati 786,89 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shunday qilib, Rossiyaning «Telekominvest» kompaniyasi bank aksiyadorlari tarkibidan chiqib ketdi va 61,54 foiz ulushi bilan O‘zbekistonning Finance TCI majoritar aksiyadori bo‘ldi.

O‘z navbatida, Finance TCI Djuzum SPV kompaniyasining sho‘ba korxonasi bo‘lib, respublika uchun Uzum ekotizimini rivojlantiryapti.

«Uzum kompaniyalar guruhi O‘zbekistondagi 10 dan ortiq tadbirkor va investorlarning tajribasi va aktivlarini birlashtirgan qo‘shma loyihadir», — deyiladi xabarda.

2022 yil noyabr oyida «Kapitalbank» sho‘ba korxonasi Apelsin raqamli banki Uzum ekotizimiga qo‘shilgan va o‘z nomini Uzum Bank deb o‘zgartirgan edi. «Kapitalbank» ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda har oyda 1,5 mln kishi ushbu xizmatdan foydalanadi. «Uzum Bank r2r-o‘tkazmalari soni bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallaydi», — deyiladi xabarda.

Ekotizimning boshqa xizmatlari bilan integratsiyalashuv bankka yangilangan keshbeck dasturini ishga tushirish imkonini berdi, shu jumladan, Uzum Market`dan Uzum Pay xizmati orqali buyurtmalarni to‘lashda qo‘shimcha bonuslarni ham.

2022 yil oktabrida tez yetkazib berish bilan Uzum Market marketpleysi ishga tushirildi. Hozirda saytdagi assortiment 200 mingdan ortiq noyob mahsulotlarni tashkil etadi va yetkazib berish geografiyasi 17 ta aholi punkti hamda mamlakatning aksariyat qismini qamrab oladi.

«Yetakchi moliyaviy va e-commerce xizmatlarining integratsiyasi hamda o‘z sohalaridagi eng yaxshi mutaxassislar tajribasining birlashtirilganligi Uzum`ga jismoniy shaxslar va biznesni rivojlantirish uchun noyob xizmatlar ekotizimini yaratish imkonini beradi. Shunday qilib, Uzum Market kompaniya va xususiy tadbirkorlarga IT-platforma va logistika yechimlaridan foydalangan holda yangi mijozlarni topish va o‘z mahsulotlarini butun mamlakat bo‘ylab sotish imkoniyatini beradi. Yuridik shaxslarga masofaviy xizmat ko‘rsatish va buxgalteriya hisobjtini avtomatlashtirishga yo‘naltirilgan Uzum moliyaviy xizmatlarining rivojlanishi tufayli tadbirkorlik faoliyatini yuritish jarayoni yengillashadi, bu esa mamlakatimiz aholisining yanada ko‘proq o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lishini anglatadi», — deyiladi xabarda.

«Kapitalbank» Uzum ekotizimiga qo‘shilish orqali o‘z foydalanuvchilari hisobiga mijozlar bazasini sezilarli darajada kengaytirishi kutilmoqda.

«„Kapitalbank“ o‘z xizmatlarini rivojlantirish bilan birga Uzum brendi bilan kooperatsiyada qo‘shimcha mahsulot qatorini taklif etadi. Masalan, bank mijozlari barcha xizmatlar uchun yagona Uzum ID`ga ega bo‘ladi va sodiqlik tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bank xizmatlari esa Uzum Market foydalanuvchilari uchun mavjud bo‘ladi», — deya qayd etildi.

Shu bilan birga, «Kapitalbank» o‘z brendini saqlab qoladi, bank hamkorlari va mijozlari uchun shartlar o‘zgarishsiz qoladi