Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev shanba kuni Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan Nukus voqealari bo‘yicha jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonida ko‘rsatma berdi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, sudlanuvchilar qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymon ekanliklarini bildirib, kechirim so‘ragan va buni prezidentga yetkazishni iltimos qilgan.

Amanbay Orinbayev sudlanuvchilar kim bo‘lishidan qat’i nazar O‘zbekiston fuqarolari, Qoraqalpog‘iston azamatlari ekanligini, ularning iltimoslarini albatta yetkazishini ma’lum qilib, sud hay’atidan sudlanuvchilarga qonun doirasida yengillik berishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, Nukusda 1−2 iyul voqealari bo‘yicha birinchi bo‘lib ochilgan ishda ayblanuvchilar 22 nafarni tashkil etib, ular orasida, jumladan, jurnalistlar Dauletmurat Tajimuratov va Lolagul Kallixonova, blogerlar, ishsizlar va tadbirkorlar bor.

Dauletmurat Tajimuratov jarayon boshida voqea sodir bo‘lgan vaqtda Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vaziri bo‘lgan Amanbay Orinbayev, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenesning o‘sha paytdagi raisi Murat Kamolovni sudga taklif qilishni so‘radi.

O‘sha voqealarda jami 171 kishi ayblanmoqda. 39 nafar sudlanuvchi bilan yana bir ish alohida ko‘rib chiqish uchun ajratilgan.

Shuningdek, Bosh prokuratura huquq-tartibot idoralari tomonidan Nukusda namoyishchilarga nisbatan qurol va maxsus vositalar qo‘llangani, fuqarolarning o‘limi holatlari alohida tekshirilayotganini ma’lum qildi.