Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlariga uzaytirilgan ta’til yakuniga yetmay oliygohga kelgan talabalarga tegishli shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. «Gazeta.uz» vazirlik matbuot xizmati bilan bog‘lanib, ko‘rsatmada qanday ishlar nazarda tutilgani bo‘yicha ma’lumot oldi.

Qishki ta’til uzaytirilgan bo‘lsa-da, ushbu yangilik e’lon qilinmasidan oldin yotoqxonaga ertaroq kelib bo‘lgan talabalarga qo‘shimcha ta’tilni o‘z hududlariga qaytgan holda o‘tkazishlari tavsiya qilindi.

«Agar qaytishga sharoiti yo‘qligi ma’lum bo‘lsa, ularga OTM yotoqxonalarida alohida emas, ma’lum bir xonalar ajratilishi mumkin. Bunda energiya resurslarini tejash maqsad qilingan. Bu masalada aynan qanday yo‘l tutilishi har bir OTMning o‘ziga bog‘liq, ular ichki tartib-qoidalaridan kelib chiqqan holda talabalarga qulaylik yaratadi», — deyiladi vazirlik izohida.

Talabalar har qanday muammoli vaziyatlarda o‘zlari tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasasi rektoratiga murojaat qilishlari so‘ralgan. Bu choralarning barchasi havo haroratining keskin tushishi oqibatida talabalar sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazmaslik maqsadida amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, anomal sovuq tushishi, o‘quv muassasalari ish tartibiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 10−18 yanvar kunlari ta’til e’lon qilingan.

Sh munosabat bilan barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalarida qishki ta’til muddati 17 yanvargacha uzaytirilgan.