Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va «texpasport»ni yangisiga almashtirish muddati 2023 yilda tugaydi. Ichki ishlar vazirligi hujjatlarni almashtirish bo‘yicha hukumat qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarni eslatib o‘tdi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, uning muddati guvohnoma va «texpasport»lar berilgan yilga bog‘liq:

  • 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari — 2023 yil 31 martga qadar;
  • 2010−2012 yillarda berilganlari — 2023 yil 30 iyunga qadar;
  • 2013−2015 yillarda berilganlari — 2023 yil 30 sentabrga qadar;
  • 2015 yildan keyin berilganlari — 2023 yil 31 dekabrga qadar muddatlarda majburiy tartibda amalga oshiriladi.

Yuqoridagi muddatlargacha almashtirilmagan guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, hozirgi kunda eski namunadagi 2 mlndan ortiq haydovchilik guvohnomasi va 557 mingdan ortiq «texpasport»lar yangisiga almashtirilmagan.

Bundan tashqari, endi o‘zbekistonliklar Rossiyada ham haydovchilik guvohnomasini almashtirishi mumkin. Yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun nazariy va amaliy imtihondan o‘tish talab etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning noyabrida ham hukumat qarori bilan eski haydovchilik guvohnomalari va ro‘yxatga olish guvohnomalarini yangisiga almashtirish muddati uzaytirilgandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish bo‘yicha qo‘llanma ham tayyorlagan edi.