Surxondaryo viloyati Angor tumanida Labo kanalga ketishi oqibatida mashina boshqaruvida bo‘lgan 33 yoshli haydovchi vafot etdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1 yanvar kuni soat 20:00 larda mahalla raisiga kanalga mashina tushib ketgani haqida xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng mahalla inspektori va raisi voqea joyiga kelib, IIB va FVBga xabar bergan.

Viloyat YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Saydulla Safarovning qayd etishicha, haydovchi mastlik oqibatida tezlikni me’yoridan oshirib harakatlanib, boshqaruvni yo‘qotgan va mashinada kanalga tushib ketgan. Hudud o‘rganilganda, kanal atrofida xavfsizlik choralari ko‘rilmagani, harakatlanish uchun mo‘ljallanmagani, yo‘lda ta’mirlash ishlari olib borilmagani va yo‘l belgilarining sifati yaxshi emasligi aniqlangan.