Yangi yil bayrami kunlari tibbiyot muassasalari tunu kun ishlaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, 40 ming nafar tibbiyot xodimi navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi 181 ta shoshilinch tibbiy yordam qabul bo‘limi hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yaratilgan.

Shuningdek, 2755 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar asosida xizmat ko‘rsatadi. 227 ta tug‘uruq, 245 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ishlaydi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan bo‘limlarida ham 24 soat davomida navbatchi shifokor, vrach-laborant va yordamchi xodimlar faoliyatini davom ettiradi.