Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markaziga kelib, boshlang‘ich sinflar uchun ishlab chiqilgan yangi avlod darsliklari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Yangi avlod darsliklari bo‘yicha respublika bo‘yicha 14 ta tajriba maktablari tanlab olindi. Yangi o‘quv yilidan boshlab ushbu maktablarda yangi darsliklar bo‘yicha ta’limni olib borish rejalashtirilgan. Ularning o‘qituvchilari seminar-treninglarda qatnashib, o‘qitishning yangi metodikalarini o‘zlashtirgani ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, mazkur maktablar misolida mamaklatdagi barcha o‘rta umumta’lim o‘quv muassasalar uchun texnik va infratuzilma standartlari ishlab chiqiladi.

Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida ta’lim sohasidagi islohotlar haqida murojaat qildi. Davlat rahbari so‘nggi yillarda maktablarda amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi.

«So‘nggi 5 yilda mingta maktab qurdik. 7 millionta kompyuter sinflarini tashkil qildik. Bu kabi ishlarga 14 trillion mablag‘ berdik. Bu hozirgi sharoitimiz uchun katta mablag‘. Lekin ta’lim uchun bersak arziydi. Bu bizning kelajagimiz», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev 1 yanvardan boshlab 14 ta hududda yangi darsliklarni tajriba asosida o‘qitilishini aytdi.

«Keyingi bosqichda 5−11-sinflar uchun ham darsliklar ishlab chiqamiz. Murojaatnomada aytilganidek, har bir maktab bitiruvchisi ikkita tilni bilishi va bitta kasb o‘rganishi kerak. Hozir 22 ta fan bor maktablarda. Endi esa yoshlarga kreativ sohalarda dars berishimiz kerak. Fanlarni ham, dars soatlarini ham ko‘rib chiqishimiz kerak», — dedi prezident.

Davlat rahbari o‘qituvchilar maoshi oshirilgani haqida gapirdi.

«Mana bugun ta’lim sifatini oshirish, yangi darsliklar masalasida gaplashamiz. Xo‘sh, bu yangi darsliklarni farzandlarimizga kim yetkazadi? Albatta muallim! Men bekorga muallimning obro‘sini ko‘tarish haqida takror-takror gapirmayman. Bugungi globallashuv davrida ta’lim, kelajak avlod barkamolligi qay darajada muhimligini yanayam kuchliroq anglab yetyapmiz. Yilimiz nomini ham ta’limga bog‘laganimiz bejiz emas. Bu masala mening doimiy diqqat markazimda bo‘ladi. Maoshlaringizni oshirdik, lekin bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Imkoniyatimiz bo‘lishi bilan yana ko‘paytiramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.