Kelgusi yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga tushirish narxlarga ta’sir qiladimi? O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida ushbu savolga javob berdi. 2023 yilgi soliq siyosatiga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida avvalroq xabar bergan edik.

«Narxlarga kelsak, ularning arzonlashuvi raqobatbardosh bozorlarda mumkin, qolganlarida esa bu dargumon, chunki kompaniyalar soliq stavkasining pasayishidan olinadigan barcha daromadlarni xaridorlarga berishi dargumon», — dedi u.

Moliya vaziri o‘rinbosari 2019 yilda QQS stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirilganda iste’mol tovarlari va xizmatlarining mutlaq ko‘pchiligi narxlari pasaymaganini eslatib o‘tdi.

«Narxlarning qisqa muddatli pasayishi kuzatilgan bo‘lsa ham, u uzoq davom etmadi va bir yil ichida avvalgi darajaga qaytdi. Bu, birinchi navbatda, iste’molchilarning talab va taklifdan kelib chiqib, amaldagi narxni to‘lashga tayyorligi bilan bog‘liq edi», — deya tushuntirdi u.

Ba’zi ekspertlarning QQSni pasaytirish yakuniy iste’molchi uchun mahsulot tannarxiga ta’sir qilishi kerakligi haqidagi ta’kidlariga qaramay, shuni tushunish kerakki, narxga ko‘p jihatdan QQS stavkasi hajmi emas, balki mahsulot (xizmatlar)ga bo‘lgan talab ta’sir qiladi, jeya ta’kidladi Dilshod Sultonov.

Moliya vaziri o‘rinbosari, shuningdek, QQS stavkasining pasaytirilishi O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhitga qanday ta’sir qilishi haqida gapirdi.

«QQS investitsiyalar uchun neytral soliq hisoblanadi. Kompensatsiya (qoplash) mexanizmi tufayli qo‘shilgan qiymat ishtirokchilari zanjirining uzluksizligi bilan QQS biznesning moliyaviy natijalariga ta’sir qilmaydi. Shu bois dunyoning aksariyat davlatlarining soliq tizimlarida daromad solig‘i orqali investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati ko‘zda tutilgan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, budjetdan hisob-kitob qilish va qoplash huquqi QQSni undirish mexanizmining asosi bo‘lib, soliq neytralligini ta’minlaydi.

«Shu munosabat bilan 2020 yildan boshlab soliq qonunchiligida sotib olingan binolar va soliqqa tortiladigan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan asosiy vositalar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘liq hisobdan chiqarish ko‘zda tutilib, korxonalarga zararni qoplash choralari ko‘rildi», — dedi Dilshod Sultonov.

2022 yilning yozida u QQS bo‘yicha imtiyozlar «hech qanday» samara bermagani, ularning uzaytirilishi esa iqtisodiyotga zarar yetkazishini aytgan edi. Moliya vaziri o‘rinbosari, shuningdek, go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari uchun QQS stavkasining nolga tushirilishi sababli umumiy ovqatlanish sohasida soliq tizimida bo‘shliqlarni keltirib chiqarganini tan olgandi. Hozirda Moliya vazirligi «QQSni yanada manzilli belgilash ustida tubdan ishlamoqda», degan edi Dilshod Sultonov